Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5032-son qaroriga muvofiq Materialshunoslik institutida FА ilmiy-tadqiqot muassasalarining ishlab chiqarishga joriy etishga tayyor yuqori texnologik ilmiy va innovatsion ishlanmalarning koʼrgazmasi tashkil etildi.
Koʼrgazmada Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarining 40 dan ortiq energiya va resurstejamkor ishlanmalari, mahalliy xom-ashyodan ishlab chiqilib import oʼrnini qoplashga va eksportga yoʼnaltirilgan innovatsion texnologiyalari namoyish etildi.
Koʼrgazmaning asosiy maqsadi Toshkent viloyati tadbirkorlari, fermerlari va ishlab chiqaruvchilarini olimlarimizning ilmiy tadqiqotlari natijalari bilan yaqindan tanishtirish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni tashkil etish bilan bir qatorda qishloq joylarda tez samara beradigan, yangi ish joylarini tashkil etish, eng muhimi, ortiqcha energiya sarfisiz mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradigan texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar bilan tanishtirish.
Jumladan, koʼrgazmada, tashqi energiya sarfisiz issiqxonalar haroratini moʼʼtadillashtiruvchi nanokompozit plenka (yozda sovutadi, qishda isitadi), qishloq xoʼjalik mahsulotlarini hosildorligini oshirish (35-50%gacha) usullari, toza ichimlik suvi olish, radiofarmmahsulotlar, mujassamlashgan quyosh nuridan xoʼjalik ishlari va ishlab chiqarishda samarali foydalanish boʼyicha ishlanmalar alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, Oʼzbekiston uchun yangi ilmiy yoʼnalishlar – vodorod energetikasi texnologiyalari, karbon tolalarini ishlab chiqarish texnologiyasi, qishloq xoʼjaligi uchun “sovuq plazma” texnologiyalarini ishlab chiqishga mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar taklif qilindi.