Ilm –fan taraqqiyotini yoshlar yaratadi!

 “Agar dinga, Vatanga, molg‘a, jong‘a, avlodga muhabbatingiz bo‘lsa, agar dinning xalos bo‘lishi, shariatning rivoji, Vatan obodlig‘i, avlodning tinchligi, yaxshi nom qoldirishning chorasini xohlasangiz, sizning ilojingiz, avvalo, kasbi maorifdir. Qobiliyatlilarni tahsil uchun o‘qishga yuboring”.

                                                                                      Abdurauf Fitrat

 

Insoniyat paydo bo‘libdiki, eng dolzarb, eng mashaqqatli va eng qiyin vazifa – yoshlar tarbiyasi masalasi bo‘lib kelgan. Barcha alloma, mutafakkirlar, millatning ziyolilari jamiyat rivoji, mamlakat farovonligi, tinchligu xotirjamligini yoshlar tarbiyasi bilan bog‘laganlar. Bu bejiz emas. Qayerda tarbiya masalasini ta’lim bilan, milliy qadriyat, an’analar bilan uzviy bog‘liqlikda hal etishga harakat qilingan bo‘lsa, o‘sha joyda rivojlanish, taraqqiyot bo‘lgan. Yoshlar ta’lim – tarbiyasiga e’tiborsizlik qilingan joyda esa inqirozlar, rivojlanmaslik, millat sifatida taraqqiy etmaslik yuzaga keladi. Fanlar akademiyasi tizimida ustoz-shogird an’anasiga kuchli e’tibor qaratilagan. Zero shogirdlar ustozlardan olgan saboqlari sabab ilmda o’z yo’llarini topishadi. Fanlar akademiyasida akademiklar va yoshlar uchrashuvlari doimiy tashkil etiladigan tadbirlardan biridir. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasida akademik, Sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Abdullayevich Hakimov bilan Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi tarkibiga kiruvchi institutlarning  ”Yosh olimlar kengashi” rais va rais oʻrinbosarlari ishtirokida davra suhbati bo’lib o’tdi. Suhbat samimiy muloqot tarzida o’tib, yoshlar ilm-fanni rivoji, o’zlarining erishayotgan yutuqlari, sohalaridagi muammolar, ilm-fan targ’ibotini yoshlar orasida yanada kuchaytirish masalalari yuzasidan o’z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Davra suhbatida ishtirok etgan yoshlarning shijoati, ertangi orzu-maqsadlarini tinglay turib, O’zbekiston ilm-fanining ertasi yoniq yuraklarda ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilasan kishi.