Toshkent shahar Shayhontohur tumani “Chaqar” mahalla fuqarolar yigʻinida “Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi toʻgʻrisidagi qonun va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum: mohiyat va istiqbollar” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Anjuman ishini OʻzFA Davlat va huquq instituti direktori, y.f.d., katta ilmiy xodimi M.T.Turgʻunov kirish soʻzi bilan ochib, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar, amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar xususida soʻz yuritdi. Bu borada erishilgan milliy va xorijiy tajribaning ilgʻor xususiyatlari haqida maʼlumotlar berdi. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi oʻrinbosari A.Xadjibayev kutilayotgan siyosiy jarayonlar, norma ijodkorligi, pirovardida, Xalq Konstitutsiyasi va ijtimoiy davlatga olib borishini qayd etdi.
Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasida ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarning qiyosiy-huquqiy tahlili (OʻzFA Davlat va huquq instituti boʻlim boshligʻi, yu.f.d., prof. M.X.Baratov), yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendumning mazmun-mohiyatiga (OʻzFA Davlat va huquq instituti boʻlim boshligʻi, yu.f.d., prof. A.Q.Xudoyberdiyev) alohida urgʻu berildi. Konstitutsiya paradigmasida “inson – jamiyat – davlat” shakl tobora moddiylashayotgani, bunda inson qadri, insonni eʼzozlash – eʼtiborimizdagi eng asosiy masala, binobarin, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligi qayd etildi.
Anjumanda 50 ga yaqin tuman mahalla faollari ishtirok etdi, kun mavzusi yuzasidan oʻz munosabatini bildirdi.