Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi institutining Fargʼona filiali faoliyati oʼrganildi

Soʼnggi yillarda Davlatimiz Rahbari va Hukumatimiz tomonidan ilm-fanga, olimlar faoliyatini qoʼllab-quvvatlash, ularga qulay-shart-sharoitlar yaratib berishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʼz navbatida olimlar mamlakatimizni yanada rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega boʼlgan ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Xususan, Fanlar akademiyasi Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti tizimdagi oʼsimlikshunoslik yoʼnalishidagi yirik tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Mazkur muassasa olimlari tomonidan yaratilayotgan gʼalla, gʼoʼza va boshqa qishloq xoʼjaligi ekinlari navlari respublikamizning turli hududlarida muvaffaqiyatli yetishtirilmoqda.

Joriy yil 8-9-avgust kunlari Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi institutining Fargʼona filialida olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Fanlar akademiyasi prezidenti B.Yuldashev boshchiligidagi bir guruh mutasaddilar hamda Fargʼona viloyati hokimining qishloq xoʼjaligi masalalari boʼyicha oʼrinbosari А.M.Tursunov Filialga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida mutasaddilar filial faoliyati, olimlar tomonidan gʼoʼza, donli va don-dukkakli ekinlarning yangi navlarini yaratish boʼyicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

 

Filial faoliyati tanqidiy koʼrib chiqilib, faoliyat yoʼnalishlarini kengaytirish va mahalliy qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar hamda agroklasterlar bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.