Genetik olima, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdikulova Qozogʻiston Milliy tabiiy fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi

Biologiya fanlari doktori va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Shahlo Turdikulova Qozogʻiston Milliy tabiiy fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi. Mazkur unvon Shahlo Turdikulovaga Qozogʻiston Milliy fanlar akademiyasi prezidiumida topshirildi.

 

 

Shahlo Turdikulova Respublikamizning jahonga taniqli olimlaridan biri boʻlib, uning muallifligidagi 78 ta ilmiy maqolalardan 42 tasi chet elda chop etilgan, shuningdek 3 ta kitob va monografiya muallifi hamdir. “Web of Science”ga koʻra Xirsh indeksi 14 ga teng, iqtiboslar statistikasi 1810 ni tashkil qiladi. Shuningdek, uning ilmiy maqolalari impakt-omili Oʻzbekistonda eng yuqori boʻlib, 481,28 koʻrsatkichni tashkil etadi, shuningdek nufuzli “Nature” ilmiy jurnalida uchta maqola chiqargan yurtimizdagi yagona olim sanaladi.

 

– Koʻp yillar davomida qozogʻistonlik hamkasblar bilan hamkorlik qilib, biotexnologiya va inson genetikasi sohasida qoʻshma tadqiqotlar olib bormoqdamiz. Bunday tadqiqotlardan biri Markaziy Osiyo xalqlarining kelib chiqishi va Yevrosiyo populyatsiyalari bilan genetik aloqalariga bagʻishlangan. Uning natijalari “Nature” jurnalida chop etildi. Ushbu tadqiqotlar mintaqamizdagi eng koʻp tarqalgan kasalliklarning genetik asoslarini, shu jumladan yangi tugʻilgan chaqaloqlarning genetik patologiyalarini aniqlashga yordam berdi. Bugungi kunda bizning tadqiqotlarimiz natijalari  Oʻzbekiston tibbiyot muassasalarida qoʻllanilib kelinmoqda, shuningdek, neonatal skrining test toʻplamlari va tijorat genetik pasportini ishlab chiqishda foydalanilmoqda. Bu fuqarolarimizning sogʻligʻi va hayot sifatini yaxshilashdagi muhim qadamdir, – dedi prof. Turdikulova.

 

Sh. Turdikulova Ilgʻor texnologiyalar markazida inson genetikasi va biotexnologiyasi boʻyicha ilmiy maktabga asos solgan va Oʻzbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda katta hissa qoʻshgan olimalardan. Hozirda u mazkur Markazni boshqaradi. Avvalroq professor Turdikulova Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yillik tarixida rahbarlik lavozimini egallagan birinchi ayol boʻlganligi haqida xabar berilgan edi. 2024-yil aprel oyida ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin u Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining oʻrinbosari lavozimida ishlagan. 2018-yilda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun Shahlo Turdikulova “Doʻstlik”ordeni bilan taqdirlangan.

 

Maʼlumot uchun: Qozogʻiston Tabiiy fanlar akademiyasi asosiy ilmiy yoʻnalishlar, jumladan, biotibbiyot, farmatsevtika fanlari va biotexnologiya boʻyicha yetti boʻlimda faoliyat yurituvchi Qozogʻiston va xorijiy olimlarni oʻz ichiga oladi. Bundan tashqari, akademiyaning 13 ta hududiy filiallari mavjud boʻlib, ularda tabiiy fanlarning turli sohalarida loyihalar va dasturlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Shuningdek, u ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirishni qoʻllab-quvvatlash va ularni meʼyoriy-huquqiy baza bilan taʼminlash bilan shugʻullanadi, shuningdek, olimlarga innovatsion ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishda amaliy yordam beradi.