“Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorda belgilangan vazifalar ijrosiga bagʼishlangan matbuot anjumani oʼtkazildi

Bugun, Milliy matbuot markazida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19- martdagi “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5032-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga bagʼishlangan matbuot anjumani oʼtkazildi.

 

Maʼlumki, 2021-yil 19-martda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5032-sonli qarori qabul qilindi va mazkur qaror bilan fizika sohasini rivojlantirish va bu boradagi ishlarni jadallashtirish, yoshlarni ushbu fanga qiziqtirish hamda umumiy oʼrta va oliy taʼlim dasturlarining uzviyligini taʼminlash, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish boʼyicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Qarorga koʼra, Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti va Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutiga fizika fanlari boʼyicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (Dsc) ilmiy darajalarini berish vakolati taqdim etildi.

Shuningdek, qaror ijrosini taʼminlash maqsadida 2022-yil uchun fizika yoʼnalishidagi tayanch doktorantura, doktorantura va maqsadli doktorantura kvotalari soni qariyb 1,5 baravarga oshirilishi natijasida ushbu yoʼnalishda tahsil olayotgan doktorantlar soni 100 nafardan dan oshdi. 2021-yilda fizika yoʼnalishi boʼyicha 55 nafar doktorant tahsil olgan. Viloyatlardagi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ilmiy darajali kadrlar yetkazib berish maqsadida Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan Аndijon, Samarqand, Fargʼona va Qoraqalpoq davlat universitetlaridan maqsadli doktorantlar qabul qilingan.

“Bundan tashqari, ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 2021-yil noyabr oyida Oʼzbekiston birinchi marta “Fizika -2021” fiziklar Forumi tashkil etildi” – deydi vitse-prezident S.Mirzayev.

Shuningdek, matbuot anjumanida so’zga chiqqanlar ilm-fan va ta’lim integratsiyasi, ilmiy ishlarni tijoratlashtirish va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida to’xtalib o’tdilar.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.