Fizik-elektronika boʼyicha 8-Xalqaro konferensiya oʼtkazildi

2021-yil 23-24-sentyabr kunlari Toshkentda OʼzR FА U.А.Аrifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida xorijiy olimlar ishtirokida fizik-elektronika boʼyicha 8-Xalqaro konferensiya oʼtkazildi. Unda respublikamiz va dunyoning turli mamlakatlaridan 200 yaqin soha mutaxassislari onlayn ishtirok etdi.

 

Konferensiyada fizik elektronika, lazer fizikasi, materiallarni olish va modifikatsiyalashning ion-dastali va plazmali texnologiyasi, quyosh energiyasi va elektronika uchun yangi texnologiyalar va materiallar, fotonikaning dolzarb muammolari, shuningdek, nanomateriallar fizikasi va texnologiyasi masalalari koʼrib chiqildi.

Bundan tashqari, konferensiya ishida materiallarni olish va modifikatsiya qilish, strukturaviy va yarimoʼtkazgichli materiallarni olish va qayta ishlash boʼyicha ion-dastali va plazmali texnologiyasining yangi yutuqlari, ikkilamchi emissiya va optik spektroskopiya usullari yordamida qattiq jismlar yuzasini oʼrganish natijalari taqdim etildi va muhokama qilindi. Fizik elektronika sohasida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va yangi materiallarni yaratish boʼyicha taqdimotlar oʼtkazildi. Oʼzbekiston iqtisodiyotining muhim muammolaridan biri boʼlgan - quyosh energetikasi va elektronikasi uchun yangi materiallarni olish texnologiyalari bilan bogʼliq mavzular boʼyicha ishlar taqdim etildi. Bu yoʼnalishda yangi materiallar samaradorligini oshirishga koʼproq eʼtibor qaratish va arzonroq texnologiyalar va materiallarni ishlab chiqish, shuningdek, organik quyosh batareyalarini olish boʼyicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni kengaytirish kerakligi qayd etildi.

Konferensiya dasturi va maʼruzalar tezislari toʼplami chop etildi.