Fanlar akademiyasi prezidenti bilan ochiq muloqot

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yuldashev FA Navoiy boʼlimiga tashrif buyurib, Boʼlim rahbariyati, ilmiy xodimlari, doktorantlari va stajyor-tadqiqotchilari bilan davra suhbati oʼtkazdi.

Uchrashuvda B.S.Yuldashev soʼnggi yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan respublikada ilm-fan va taʼlim sohasida yuz berayotgan oʼzgarishlar, olimlar va oʼqituvchilarga, hususan, ularni moddiy ragʼbatlantirishga, samarali faoliyat olib borish uchun shart sharoitlarni yaxshilashga va jamoatchilik oʼrtasida nufuzini oshirishga yoʼnaltirilgan saʼy-harakatlar toʼgʼrisida toʼxtalib oʼtdilar.

 

 

 

Shuningdek, ilm-fanga oʼzini bagʼishlashga qaror qilgan yoshlar oldida barcha eshiklar ochilganini, faqat mamlakat taraqqiyotiga oʼz hissasini qoʼshish istagini bildirish zarurligini taʼkidladilar. Misol uchun, ularga maxsus tashkil etilgan jamgʼarma mablagʼlari hisobidan nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy oʼquv yurtlarida stajirovkalar tashkil etilmoqda, doktorantlar va stajyor-tadqiqotchilarga esa munosib stipendiya berib borilmoqda.

FА prezidenti toʼrt yildan kamroq vaqt ichida Boʼlimda bajarilgan ilmiy ishlarni ijobiy tomonlari bilan bir qatorda tanqidiy baholab, eʼtibor berish kerak boʼlgan bir qator masalalar borligini taʼkidladilar. Ular orasida Oʼzbekistonning tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan aloqalarni yoʼlga qoʼyish va ularning laboratoriyalarida eksperimentlar oʼtkazish, olingan natijalarni Scopus va Web of Science bazalarida indeksatsiya qilinadigan jurnallarda maqolalar nashr etish, ixtiro va foydali modellarga patent olish uchun talabnoma berish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, grant loyihalarini rasmiylashtirish aytib oʼtildi. Bundan tashqari, B.S.Yuldashev FА Navoiy boʼlimi fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini tashkil etish uchun tegishli ravishda hududdagi yirik sanoat korxonalarining, birinchi navbatda, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining texnik, texnologik va ekologik muammolarini hal etish uchun Yurtboshimiz tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilganini alohida taʼkidlab, shu masalaga eʼtiborni kuchaytirish kerakligini, shuningdek, oliy oʼquv yurtlarining talabalari va magistrlari bilan ishlashni jadallashtirish kerakligini taʼkidlab oʼtdilar.

Shu bilan birga, B.S.Yuldashev tadbir ishtirokchilarning har biri bilan alohida suhbatlashdilar, ularning ilmiy ishlari haqidagi qisqacha hisobotini tingladilar, kelgusida ilmiy faoliyatni samaradorligini oshirishga yoʼnaltirilgan qimmatli tavsiyalar berdilar. Misol uchun, Qoraqolpogʼiston Respublikasida Orol boʼyi hududlarini koʼkalamzorlashtirish loyihasini amalga oshirishga hissa qoʼshish maqsadida saksovul ekishda Boʼlim olimlari tomonidan ishlab chiqilgan usulni qoʼllash, yaʼni, saksovul urugʼini bentonit gillari kukuni bilan ekishdan oldin qobiqlashni va Navoiy boʼlimi tomonidan Nurota tumanida amalga oshirilayotgan “Innovatsion pedagogikadan moderatorlarni tayyorlash” loyihasini butun viloyat va respublikaga targʼib qilishni tavsiya qildilar. Bundan tashqari, ijtimoiy sohani eʼtiborsiz qoldirmaslik, buning uchun ushbu yoʼnalishda fundamental loyihalarni tayyorlash muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladilar.