FA vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulova ayni kunlarda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilayotgan Jahon Fanlar akademiyasi (TWAS)ning navbatdagi Bosh konferensiyasida ishtirok etmoqda.
Mazkur konferensiya doirasida O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Shahlo Turdiqulova Jahon Fanlar akademiyasi (TWAS) hamda Braziliya Fanlar akademiyasi prezidentlari bilan uchrashdi.
Muloqotlar davomida ikki tomonlama ilmiy aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, yosh olimlar almashinuvi hamda ilmiy markazlar o‘rtasida tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilindi. Kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida vitse-prezident Shahlo Turdiqulova mehmonlarga esdalik sovg‘alarini topshirdi, bu esa iliq do‘stona munosabatlar va ochiqlik muhitini yanada mustahkamladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 29-sentyabrdan 2-oktyabrgacha Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon Fanlar akademiyasi (TWAS)ning navbatdagi Bosh konferensiyasida sogʻliqni saqlash, iqlim oʻzgarishi, barqaror rivojlanish va innovatsiyalar kabi dolzarb mavzular muhokama qilinmoqda.