“Davlat tilida ish yuritish” kitobi nashr etildi

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda OʼzR FА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari hamkorlikda “Davlat tilida ish yuritish” kitobi nashr etildi.

Joriy yil 10-sentyabr kuni mazkur kitob taqdimotiga bagʼishlangan tadbir oʼtkazildi. Unda Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Abdugappor Kirgizbayev, FА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori Abdulhay Sobirov, “O’zbekkino” Milliy agentligi direktori o’rinbosari Shuhrat Rizayev, tilshunos olimlar, vazirlik va idoralar rahbarlari maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʼyicha maslahatchilari hamda OАV vakillari ishtirok etdi.

 

“Davlat tilida ish yuritish” kitobining mazkur toʼldirilgan, takomillashtirilgan 9-nashri FА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, prof. Nizomiddin Mahmudov tahriri ostida “Oʼzbekiston nashriyoti” tomonidan 3000 nusxada chop etildi.

Mazkur kitob amaliy qoʼllanma hisoblanib, unda tashkilot va muassasalarning ish yuritish faoliyatida eng koʼp qoʼllaniladigan hujjatlar, ularni tuzish tartib-qoidalari masalalari toʼxtalib, tegishli namunalar keltirilgan hamda ish yuritishga oid lugʼat berilgan.