O'zR FA Astronomiya instituti Oyning qisman tutilishi 16-iyuldan 17-iyulga o‘tar kechasi sodir bo‘lishi haqida xabar berdi. Bu tutilish dunyo vaqti bilan soat 21 dan 31 daqiqa o‘tganda boshlanadi, bu paytda O‘zbekistonda 17-iyul tungi 02 dan 31 daqiqa o‘tgan bo‘ladi.
Mazkur tutilishni mamlakatimizning barcha hududlarida kuzatish mumkin. Oy mahalliy vaqt 16-iyul kuni soat 23 dan 42 daqiqa o‘tganda yarim soyaga kirishni boshlaydi, 17-iyul tungi 01 da soyaga kiradi. Soyadan soat 04 da chiqadi, yarim soyadan esa soat 05 dan 19 daqiqa o‘tganda chiqib ketadi, ya’ni tutilish tugaydi. Quyosh soat 05 dan 04 daqiqa o‘tganda chiqadi. Uning maksimal fazasi 0,66 ga yetadi. Yerning tabiiy yo‘ldoshi tutilish paytida yer soyasining janubiy qismidan o‘tadi. Oyda bu vaqtda qisman va to‘la quyosh tutilishi kuzatiladi. Shuningdek, tutilish Janubiy Amerika, Yevropa, Afrika, Osiyo, Avstraliya va Rossiya (Chukotka, Kamchatka va Uzoqsharq sohillaridan tashqari) hududlarida ham kuzatiladi.
Quyosh tutilishidan farqli ravishda, Oy tutilish davomida ko‘rinib turadi. Oy tutilishning katta fazasida qizil yorug‘lik sochadi va umuman yo‘kolib ketmaydi. Tutilishni oddiy ko‘z bilan ham kuzatish mumkin. Odatda qisman oy tutilishi vaqtida bu hodisani oddiy ko‘zda ilg‘ash qiyin bo‘ladi, shuning uchun sizda durbin yoki ko‘rish trubasi bo‘lishi maqsadga muvofiq, Oy yuzi yaxshiroq ko‘rinadi va Sizga ushbu astronomik hodisadan zavq olishingizga yordam beradi.