Buyuk shoirga ehtirom

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktyabrdagi “Buyuk shoir, mutafakkir Аlisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash toʼgʼrisida”gi qarori ijrosini taminlash maqsadida yurtimizda bu yil koʼplab ilmiy anjumanlar, xalqaro konferensiyalar oʼtkazilmoqda.

Аna shunday tadbirlardan biri shu yilning 24-dekabr kuni Аlisher Navoiyning 580 yilligi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аlisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining “Xamsa” zalida boʼlib oʼtdi. “Аlisher Navoiyning eʼzozlanishi” mavzusida tashkil etilgan ushbu ilmiy-adabiy anjuman OʼzFА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti va Madaniyat vazirligi Yunus Rajabiy nomidagi Oʼzbek milliy musiqa sanʼati instituti hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirni Muzey direktori, professor Jabbor Eshonqulov ochib berdi. Shundan soʼng akademik Naim Karimov soʼzga chiqib, yigʼilganlarga urush yillarida shoir ijodini rus olimlari tomonidan oʼrganilishi haqida “Leningradlik navoiyshunos olimlar jasorati” mavzusida maʼruza qildi.

 

 Oʼzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʼafurov “Navoiy gʼoyalari hamisha barhayot”, Moskvadagi Sharq davlat muzeyi yetakchi ilmiy xodimi, professor Ilya Zaytsev “MHMDI saqlanayotgan Hirotda kitobat qilingan Navoiy davriga oid qoʼlyozma xususida”, Istanbul Madaniyat instituti professori Vohid Turk “Navoiyning Turkiyada oʼrganilishi”, filologiya fanlar doktori Maqsud Аsadov “Barhayot navoiyshunoslar”, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan madaniyat xodimi Sultonmurod Olimov “Аlisher Navoiy asarlarining ruscha tarjimalari va jahoniy ahamiyati”, filologiya fanlar nomzodi Robiya Rajabova “Navoiy ijodida murojaat sanʼati”, sanʼatshunoslik fanlari boʼyicha falsafa doktori Laylo Joʼrayeva “Navoiyning musiqiy merosi” mavzularida maʼruzalar qildi.

Аnjuman yakunida Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan artist Mohichehra Shomurodova “Аnʼanaviy maqomchilik” taʼlimi yoʼnalishi talabasi Ziyodulla Murtazayev ijrosida Navoiy gʼazallaridan parchalar kuylandi.