Buyuk ajdodlarimiz tavallud ayyomlariga bag’ishlangan adabiyotlar ko’rgazmasi

O’zR FA O’zbekiston tarixi davlat muzeyi, O’zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi, FA A.Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi katta ilmiy xodimi filologiya fanlari nomzodi Y.Tursunov, A.Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda buyuk shoh va shoir, qalb va so’zni birlashtira olgan Zahiriddin Muhammad Bobur, so’z mulkining sultoni, mutafakkir va davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hamda vatan ozodligi yo’lida jon fido qilgan Jaloliddin Manguberdi hayoti va ijodiga bag’ishlangan ko’rgazma ochildi.

Ko’rgazmada namoyish etilgan qo’lyozma va hozirda nashr etilgan kitoblar buyuk mutaffakkir, shoir va davlat arboblari Alisher Navoiy va Boburning ijodi va faoliyatlariga bag’ishlangan. Nodir va tarixiy adabiyotlar asosan XVIII asr o’rtalari va XIX asr boshlariga oid bo’lib, xattotlar tomonidan ko’chirilgan qo’lyozmalar, toshbosma va zamonaviy usullarda chop etilgan kitoblar namoyish qilinmoqda.

  

Shuningdek, ko’rgazmaga qo’yilgan ayrim mashhur g’arb olimlarining Alisher Navoiy va Bobur asarlari, hayoti va ijodiy faoliyatlarini o’rgangan ilmiy asarlari alohida ahamiyat kasb etadi. Ko’rgazmadan Bobur va Boburiylar sulolasi tarixiga doir kitoblar, Zahiriddin Muhammad Boburning tanlangan asarlari to’plami o’rin olgan. Asosiy o’rin Zahiriddin Muhammad Boburning shox-asari “Boburnoma” (Bobur hukmronligi davrida Boburiylar tarixi)ga ajratilgan. Ko’rgazmada shuningdek, Pirimqul Qodirov, Qamchibek Kenja, Rahim Vohidov, Abdurashid Abdug’ofurovlarning Zahiriddin Muhammad Bobur siymosini gavdalantirib, timsolini keng kitobxonlar ommasiga ochib beruvchi tarixiy asarlari va Bobur asarlariga sharhlar taqdim etilgan.