Bugun tugʼilgan kun! Аkademik Аhmadali Аsqarov

Oʼzbekison Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, professor Аhmadali Аsqarov bugun 85 yoshni qarshiladi.

Аkademik Аhmadali Аsqarov 1935-yil 25-sentyabrda Namangan viloyati Norin tumanida tugʼilgan.

 

1957-yilda Nizomiy nomidagi pedagogika davlat universitetini tugatgan А. Аsqarov oʼz faoliyatini OʼzR FА ning Tarix va arxeologiya institutida davom ettirgan. 1963-yilda “Zarafshon quyi oqimi havzasi bronza davrida” mavzusidagi nomzodlik ishini, 1977-yilda esa Moskvada “Janubiy Oʼzbekiston bronza davri madaniyati (qadimgi sharq tamaddunining mintaqaviy oʼchoqlari rivoji muammolari)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Turli yillarda Tarix va arxeologiya institutida kichik ilmiy xodim (1961-1963), ilmiy xodim (1963-1966), 1966-yildan esa ilmiy ishlar boʼyicha direktor oʼrinbosari boʼlib ishladi. Shundan soʼng 1970-1980 va 1983-1987-yillarda yangi tashkil etilgan Arxeologiya institutida direktor lavozimida ishladi. 1984-1998-yillarda OʼzR FA Prezidiumi Ijtimoiy-gumanitar fanlar boʼlimi raisi, 1991-1995-yillarda OʼzR FA tarix instituti direktori sifatida faoliyat koʼrsatgan. Akademik A.Asqarovning ilmiy qiziqishlari koʼlami juda keng: Oʼrta Osiyo bronza va ilk temir davri ilk dehqonchilik va chorvachilik xoʼjaliklarining shakllanishi tarixi, Oʼzbekiston hududida davlatchilik va shaharsozlik paydo boʼlishi, oʼzbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi, zardushtiylikning vujudga kelish manbalari va shakllanishi, arxeologik manbalar asosida milliy kurash sporti tarixini tiklash. U Old Osiyo tipidagi ilk dehqonchilik manzilgohlaridan boʼlgan Sopolli madaniyatini va noyob Jarqoʼton ibodatxonasini ochish sharafiga muyassar boʼldi. A. Askarov – 450 dan ortiq ilmiy nashrlar, jumladan, 20 dan ziyod monografiya, darslik va uslubiy qoʼllanmalar muallifi. Ulardan 50 dan ortigʼi chet tillarda nashr etilgan. Аkademik А. Аsqarov Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati (1985-yil), Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan fan arbobi (1995-yil) hisoblanadi.

Аkademik Аhmadali Аsqarovni bugungi tavallud ayyomi bilan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Milliy arxeologiya markazi hamda koʼp sonli shogirdlari nomidan tabriklab, ularga sogʼliq salomatlik hamda kelgusi ilmiy tadqiqotlarida yangidan-yangi kashfiyotlar tilab qolamiz.