Ayni kunlarda Janubiy Koreyaning poytaxti Seul shahrida Botanika bogʻlarida taʼlim boʻyicha 11-Xalqaro kongress (ICEBG) boʻlib oʻtmoqda.
Mazkur kongress Koreya Milliy Arboretumi (KNA) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda butun dunyodan yetakchi botanika bog‘lari direktorlari, olimlar, tadqiqotchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi nomidan kongressda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik K. Tojiboyev, Toshkent Botanika bog‘i direktori S.Abdinazarov hamda Dendrologiya laboratoriyasi mudiri E.Temirov ishtirok etmoqda.
Ushbu xalqaro kongress doirasida Koreya va Markaziy Osiyoning to‘rtta davlati —Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston — strategik hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. ❗️Kongressning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
"Markaziy Osiyo Yashil Yoʻli" loyihasining 3-bosqichini rasman boshlash hamda mintaqaga xos resurs o‘simlik turlarini chuqur ilmiy oʻrganishni yoʻlga qo‘yish.
Botanika bog‘larida biologik xilma-xillik boʻyicha taʼlimiy-amaliy dasturlarni rivojlantirish, arboretum va ilmiy ekspozitsiyalar orqali jamiyatni keng jalb etish va ekomaʼrifiy faoliyatni kuchaytirish.
CABCN (Central Asia Botanic Garden Collaborative Network) doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash, salohiyatni oshirish, ilmiy axborot almashuvi va qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirish.
Markaziy Osiyodagi resurs o‘simliklar bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar uchun maqsadli turlarni aniqlash va muhokama qilish, ularning mintaqaviy ekotizim va bioxilma-xillikni saqlashdagi ahamiyatini aniqlash.
Kongress o‘z ishini davom ettirmoqda va xalqaro ilmiy hamkorlik uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.