O‘zR FA Sharqshunoslik institutida “Beruniy o‘qishlari” ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda O‘zR FA ijtimoiy-gummanitar yo‘nalishidagi barcha muassasalar, Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti, respublikamizning Namangan, Samarqand, Buxoro, Termiz viloyatlari oliy o‘quv yurtlaridan kelgan yosh va yetuk olimlar, mustaqil tadqiqotchilar, Qirg‘izistonning “Ala-Too” xalqaro universiteti vakillari ishtirok etdi. Ushbu tadbir maqsadi olimlarda ilmiy-tadqiqot sohasiga qiziqishni oshirish, rag‘batlantirish hamda tadqiqotchilarning o‘zaro tajriba almashishiga imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Anjumanda Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosi va ijodining dunyo ilm-fani taraqqiyotida tutgan o‘rni, olim asarlari tadqiqi, unga oid tarixiy manbalar, tadqiqotlar tahliliga oid masalalar, buyuk allomalarimizning ilmiy merosini o‘rganish, Markaziy Osiyo tarixi va tarixshunosligi, me’moriy yodgorliklar tarixi, Sharq xalqlari adabiyotining ommalashuvi va ma’naviy-badiiy qirralari, O‘zbekistonning xorijiy Sharq mamlakatlari bilan munosabatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Abu Rayhon Beruniy ijodi tadqiqiga bag‘ishlangan mazkur konferensiya keyingi yillarda ham davom ettiriladigan va u an’anaviy ilmiy-amaliy anjumanga aylantirilishiga kelishib olindi. U kelajakda Respublikamiz ilmiy hayoti va yosh tadqiqotchilar faoliyatini kuchaytirishga xizmat qilishda davom etadi.