O’zR FA Yadro fizikasi institutida yadro fizikasi va kosmik muhandislik sohasidagi yirik olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, FA akademigi Vohidov Shavkat Axadovich (1932-2008-yy.) 90 yilligiga bag’ishlangan tadbir o’tkazildi. Unda akademiklar, soha yetakchi mutaxassislari, akademikning shogirdlari va oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda so’zga chiqqanlar akademik Shavkat Vohidovning hayoti, ilmiy va jamoatchilik faoliyati, uning mamlakatimizda kosmonavtika sohasiga qo’shgan hissasi, aerokosmik maktabi va olim bilan bog’liq xotiralar haqida gapirib berdilar.
Tadbirda akademikning faoliyatini aks ettirgan fotokoʼrgazma ham tashkil etildi. Tadbir yakuniga olim xotirasiga bagʼishlangan film namoyish etildi.
Ma’lumot o’rnida, Sh.A.Vohidov "Koinot" ilmiy ishlab chiqarish boshqarmasi Bosh direktori, Oʻzbekiston Respublikasi Kosmonavtika federatsiyasi prezidenti lavozimlarida faoliyat yuritgan. Olim iqtidorli maktab oʻquvchilari Xalqaro aerokosmik maktabi tashkilotchisi va rahbari bo’lgan.
Olimning ilmiy ishlari qattiq jismlar fizikasi, kosmonavtika, spektroskopiya, kristallografiya, radiotexnika va aloqa, asbobsozlikka bag’ishlangan.
Olimning bevosita rahbarligida orbitadagi sunʼiy yoʻldoshlarga meteorlar, fazodagi chiqindilar yoki maxsus jismlar bilan taʼsir koʻrsatilganda shu hodisa qachon va qayerda sodir boʻlganligidan xabar beradigan ixcham yoʻldosh, shuningdek tabiiy ofatlar yuz berishidan xabar beradigan va oldini oladigan asboblar, qishloq xoʻjaligi uskunalari yaratildi.