Аkademik Saʼdi Sirojiddinov xotirasiga bagʼishlangan konferensiya

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida atoqli mashhur matematik olim Saʼdi Hasanovich Sirojiddinov tavalludining 100 yilligiga bagʼishlangan “Stoxastik tahlilning zamonaviy muammolari” mavzusidagi ilmiy konferensiya boʼlib oʼtdi.

 Konferensiya ishida 100dan ortiq mutaxassislar, shu jumladan, Rossiya, Ukraina, Ozarbajon va Gruziyadan 10dan ortiq olimlar ishtirok etdilar va ilmiy maʼruzalar bilan qatnashdilar. Konferensiya ochilishida OʼzR FА Matematika instituti, direktori akademik Sh.А.Аyupov, akademiklar Sh.K.Farmonov, А.Аzamovlar S.H.Sirojiddinovning Oʼzbekistonda ilm-fanni rivojiga, yuqori malakali kadrlarni yetishtirishga,yoshlar tarbiyasiga, Respublikamizda matematika boʼyicha olimpiadalarni tashkil etishga qoʼshgan ulkan hissasi toʼgʼrisida maʼruza qildilar.

 

Konferensiya ishida taniqli olimlardan tashqari Matematika institutining, Respublikamiz OTMlarining koʼplab yosh olimlari, tayanch doktorantlari va Oʼzbekiston milliy universitetining matematika yoʼnalishi magistrantlari qatnashdilar va maʼruzalar qildilar. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kundagi informatsion texnologiyalar juda katta imkoniyatlarga, qulayliklarga egaligini, olimlarimizni jahon hamjamiyatiga chiqish imkoniyatlari vujudga kelganini, olimlarimizni chet ellik mutaxassislar bilan bevosita aloqa qila olishini boʼlib oʼtgan konferensiya yaqqol namoyon qildi.

Ma’lumot o’rnida, S.H.Sirojiddinov — fizika-matematika fanlari doktori, professor, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Davlat mukofotlari laureati, mamlakatimiz va chet ellar matematiklari orasida ehtimollar nazariyasi, matematik statistika va ularning tadbiqlari, matematik analiz, Oʼrta Osiyoda matematikani rivojlanish tarixi sohalaridagi tadqiqotlar muallifi sifatida tanilgan.

S.H.Sirojiddinov mohir pedagog va jonkuyar fan tashkilotchisi sifatida mamlakatimiz uchun koʼplab matematiklarni, jumladan, 10dan ortiq fan doktorlarini va 50ga yaqin fan nomzodlarini tarbiyalab yetishtirgan va yana ham koʼproq matematik olimlar shakllanishida rahnamolik qilgan.