12-avgustda meteor yomg'iri kuzatiladi

Quyosh tizimida 109P/Swift-Tuttle deb nomlangan kometa mavjud. Ushbu kometa orbitasining Quyoshga eng yaqin joyi Yer orbitasining ichkarisida va Quyoshdan eng uzoq joyi esa Neptun orbitasidan ham ancha olislarda joylashgan.

Kometa orbitasining Yer orbitasi bilan kesishgan nuqtasi mavjud. 109P/Swift-Tuttle kometasi ushbu kesishgan nuqtadan har 133 yilda bir marotaba o'tadi. Yer esa har yili 12-avgustda aynan shu nuqtadan bir bor o'tadi.

Xayriyatki, har safar Yer yoki Kometa mana shu nuqtadan o'tganida, ikkinchi obyekt o'z orbitasining boshqa nuqtasida bo'lmoqda. Hisob kitoblar yaqin orada Yer va Kometaning shu nuqtada bir vaqtda uchrashmasligini ko'rsatmoqda. Ammo qachonlardir bu yuz berishi mumkin bo'lgan hodisadir.

Kometaning diametri 26 kilometrga teng. Bu 65 million yil avval dinozavrlar qirg'iniga sabab bo'lgan asteroiddan 2.5 baravar kattadir. Uning orbitadagi tezligi sekundiga 60 kilometr ekanligini hisobga olsak, agar Yer bilan to'qnashuv sodir bo'lsa, dinozavrlar ko'rganidan 27 marta kattaroq portlashga guvoh bo'lamiz. Xayriyatki, yaqin orada to'qnashuv bo'lishi kutilmayapti.

Kometa har safar Quyoshga yaqinlashish vaqtida juda katta miqdordagi gaz-chang va mikrometeorit oqimlarini o'z orbitasi bo'ylab sochib yuboradi. Yuqorida aytib o'tganimdek, har yili 12-avgustda Yer 109P/Swift-Tuttle Kometasining orbitasini kesib o'tadi va aynan mana shu vaqtda Kometa ortida qolgan mikrometeorit oqimlari Yer atmosferasiga kirib kelib, o'ziga xos meteor yomg'irini hosil qiladi.

Ushbu mikrometeorit oqimlari osmon sferasining Persey yulduz turkumi egallagan qismidan Yer atmosferasiga kirib kelishi tufayli, bu oqim Perseidlar deb ham nomlanadi. Perseidlar Meteor yomg'iri paytida Yer atmosferasiga har soatda yuzlab mikrometeoritlar uchib kirib, o'zidan ingichka yorqin iz qoldiradi. Bu yilgi Meteor yomg'iri vaqtida Oy juda yorqin bo'lganligi sababli ularning bir qismini oddiy ko'z bilan ilg'anmasligi ehtimoli bor. Ammo Osmon sferasining Oydan uzoqroq bo'lgan qismlarida ularni bemalol tomosha qilsa bo'ladi.

Bu yil ham 12-avgustda mazkur hodisani kuzatishingiz mumkin.

 

Kamoliddin Ergashev,

O'zR FA Astronomiya instituti kichik ilmiy xodimi.