Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623
Sayt test rejimida ishlamoqda

O'zbekiston olimlari fazoni jiddiy tadqiq qila boshlaydi!


Toshkentda Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlarining fazoni hamkorlikda oʻrganishni kuchaytirish boʻyicha topshiriqlariga asosan “Oʻzbekistondagi Suffa yassi togʻida joylashgan radioobservatoriyaning bugungi holati va istiqbollari” nomli xalqaro anjuman ish boshladi. Ikkala mamlakat Fanlar akademiyalari akademiklari ishtirokida oʻtkazilayotgan anjumanda radioastranomiyaning rivojlanish masalalari koʻrib chiqiladi, deya xabar berdi Oʻzbekiston fanlar akademiyasi matbuot xizmati.

Hamkorlikda barpo etilayotgan “Suffa” xalqaro radioastronomik observatoriya (XRAO) Toshkentdan 200 km janubi-gʻarbda Suffa yassi togʻida joylashgan. Observatoriyada antennasining diametri 70 metr boʻlgan radioteleskop oʻrnatish koʻzda tutilgan boʻlib, u radiotoʻlqinlarning millimetrli diapazonida ishlaydi. Olis fazodan qora tuynuklar, pulsar yulduzlar va boshqa kosmik obeʼktlar taratayotgan radiotoʻlqinlarni tutish, obektlarning tarkibi, joylashuvi, yoshi va boshqalar toʻgʻrisida ilmiy hulosalar toʻplashda koʻmaklashadi. Oddiy teleskoplar yordamida ilgʻash imkoni boʻlmagan galaktikalar, sayyoralar va yulduzlarni izlab topadi.

Suffa yassitogʻida radioobservatoriyani qurish ishlari 1982 yilda boshlangan. 1990-yillarda qurilish moliyaviy sababdan toʻxtatib qoʻyildi. Shunga qaramasdan, 1995 yilda “Suffa” Xalqaro radioastronomik observatoriyasi qurilishini tugallash haqida Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlararo kelishuvi imzolandi. 2007 yilda Oʻzbekiston tomoni yordamchi infrastrukturani yaratish boʻyicha ishlarni boshlab yubordi, lekin RT-70 radioteleskopi konservatsiya qilingani bois jahon ilmu fani uchun juda muxim boʻlgan bu obektda jiddiy tadqiqotlar olib borilmadi.

Observatoriyani toʻlaqonli ishga tushirish, undan samarali foydalanish loyihasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Rossiya fanlar akademiyasi bilan kelishuvga koʻra 2019 yildan observatoriya toʻlaqonli ish boshlaydi.

Joriy anjumanda “Suffa” XRAOning faoliyatini tiklash boʻyicha mavjud muammolarini tahlil qilish, murakkab texnologiyali xalqaro ilmiy obektni qurish bilan bogʻliq ilmiy, texnikaviy va tashkiliy muammolarga amaliy yechim topish, ushbu loyihada uchinchi davlatlarning ishtiroki imkoniyatlarini oʻrganish, shuningdek, astrofizika va radioastronomiya sohasida xalqaro fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqiladi.

http://www.mahalladosh.uz/post?id=2392


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!