Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623
Sayt test rejimida ishlamoqda

Oʻzbek olimlari asteroid haqidagi xabarlar uydirma ekanligini maʼlum qildi


Oʻzbek olimlari asteroid haqidagi xabarlar uydirma ekanligini maʼlum qildi

Yaqinda Rossiya telekanali sayyoramizga ulkan asteroidning yaqinlashayotganligi va u 2019 yil 1 fevralda Yerga urilishi, buning oqibatida ulkan falokatlar kuzatilishi haqidagi video materiallarni tarqatdi. Fanlar akademiyasi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, bu xabar bilan tanishib chiqqan OʻzR FA Astronomiya instituti olimlari, uning mutlaqo yolgʻon ekanligini maʼlum qilgan.

Yerga yaqinlashuvchi asteroidlarning roʻyxati astronomlarga avvaldan maʼlum va ular bu boradagi maʼlumotlarni muntazam monitoring qilib borishadi.

2019 yilning aprel oyigacha Yerga yaqinlashishi kutilayotgan asteroidlarning soni 20 dan ortiq boʻlib, ularning oʻrtacha yaqinlashish masofasi 5 million kilometrni tashkil etadi. 2019 yil 1 fevralda Yerga yaqinlashuvchi asteroid shu yilning yanvar oyida ochilgan boʻlib, unga 2019AV2 dastlabki nom berilgan. Uning oʻlchami 150-340 metrni tashkil etib, u Yerga 6 million kilometrgacha yaqinlashadi.

Bunda uning trayektoriyasi Yerga yoʻnaltirilgan chiziqqa tik yoʻnalishda boʻladi. Asteroidning bunday masofada yaqinlashuvi va yuqoridagi trayektoriyaga egaligi tufayli u Yerga hech qanday xavf tugʻdirmaydi.

Rossiya telekanali xabarida Yerga yaqinlashayotgan asteroid galaktikalararo fazodan kelmoqda, deyilgan. Bu fikr xabarning yolgʻonligidan darak beradi. Chunki asteroidlar Quyosh tizimi aʼzolari boʻlib, ularning boshqa galaktikalarga aloqasi yoʻq.

Davron Sunnatov, OʻzA

http://www.uza.uz/uz/society/o-zbek-olimlari-asteroid-haqidagi-xabarlar-uydirma-ekanligin-31-01-2019


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!