ZOMIN MILLIY TАBIАT BOGʼI YUKSАK OʼSIMLIKLАRIDА TАRQАLGАN PАTOGEN ZАMBURUGʼLАR

 

Jizzax viloyati, Zomin tumani, Turkiston togʼ tizmasining shimoliy yonbagʼrida, dengiz sathidan 1000 m. dan 4033 m balandlikda joylashgan Zomin milliy tabiat bogʼi 1976 yilda tashkil topgan. Milliy tabiat bogʼini tashkil qilishdan asosiy maqsad noyob archazor maydonlarni, oʼrmonzorlarni saqlab qolish, koʼpaytirish, qoʼriqlashdan iborat. Zomin milliy bogʼining eng baland nuqtasi Turkiston togʼ tizmasining Shaukartogʼ choʼqqisi boʼlib, dengiz sathidan 4033 metr balandlikda joylashgan. Milliy tabiat bogʼning umumiy maydoni 23775 gektar boʼlib undan qariyb 13000 gektari oʼrmonzor bilan qoplangan.

Oʼrmonlarning asosiy qismini yuqori togʼ zonasidagi archazorlar tashkil etadi. Oʼrmonzorlarda archadan tashqari muhim xoʼjalik ahamiyatiga ega boʼlgan doʼlana, zirk, uchqat, irgʼay, naʼmatak kabi daraxt va butalar, shuningdek, dalachoy, oʼlmasoʼt, kiyikoʼt, oqqaldirmoq, qichitqi oʼt, shuvoq, yalpiz va boshqa dorivor oʼsimliklar oʼsadi. Hozirgi kunda abiotik va antropogen omillarning kuchayishi bioxilma-xillikning muhim komponenti boʼlgan oʼsimlik va hayvonot dunyosiga juda salbiy taʼsir koʼrsatmoqda. Bu oʼrinda, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar bioxilma-xilligini har tomonlama oʼrganish va uning hozirgi holatini baholash hamda kelajakdagi holatini bashorat qilish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

Shu sababli hozirda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining bir guruh olimlari tomonidan Shimoliy Turkiston Botanik geografik rayoniga kiruvchi Zomin milliy tabiat bogʼi hududidagi oʼsimliklarda tarqalgan kasallik qoʼzgʼatuvchi patogen zamburugʼlarni aniqlash, oʼsimliklarning hozirgi holati, ularda tarqalgan kasallik turlari va kasallanish darajasini baholash boʼyicha mikologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Hozirda oʼsimliklarda zang, un-shudring, turli dogʼlanish, chirish, qurish kabi kasalliklarni keltirib chiqaruvchi patogen zamburugʼlarning yildan yilga keng tarqalib borishi kuzatilmoqda.

Maʼlumotlarga koʼra Yevropa davlatlaridagi (Аngliya, Shotlandiya, Shvetsiya, Daniya, Finlyandiya, Germaniya, Chexiya, Polsha va boshq.) igna va keng bargli oʼrmonlarda Heterobasidion annosum, Armillaria mellea, Ophiostoma ulmi, Cryphonectria parasitica, Hymenoscyphus pseudoalbidus kabi xavfli patogen zamburugʼlarning keskin tarqalib ketishi natijasida bir necha ming gektardagi Ulmus, Quercus, Pinus, Fraxinus, Fagus oʼrmon daraxtlarining zararlanishi va hatto qurib qolishiga olib kelgan. Buning natijasida ushbu davlatlarni millionlab dollar zarar koʼrganligi qayd etilgan.

Olib borilgan mikologik tadqiqotlar davomida Respublikamiz oʼrmon xoʼjaliklarida, shuningdek Zomin milliy tabiat bogʼi hududidagi oʼsimliklarda kasallik qoʼzgʼatuvchi zamburugʼlar taʼsirining oshishi hamda oʼsimliklarning fitosanitar holatining yomonlashib borayotganligi kuzatilmoqda. Bu holat ayniqsa, doʼlana, naʼmatak, zirk, uchqat, irgʼay, dalachoy, oʼlmasoʼt, kiyikoʼt, oqqaldirmoq, qichitqi oʼt va boshqa bir qator dorivor oʼsimliklarda yaqqol namoyon boʼlmoqda. Natijada, ular tabobat va farmatsevtika sohalarida foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolmoqda. Bu holat iqtisodiy jihatdan ham katta zarar keltiradi.

 Hozirda Oʼzbekistonda yuksak oʼsimliklarning mikobiotasi kompleks oʼrganilmagan. Shuningdek, Respublikamiz florasida tarqalgan zamburugʼlarining tur tarkibi, oʼsimliklarni kasalliklar bilan zararlanish darajasi, kasalliklarning boshlanish davrlari, manbalari toʼgʼrisidagi maʼlumotlar yetarli emas.

Bu esa mikolog, fitopatolog olimlar va oʼsimliklarni himoya qilish sohasi xodimlari uchun ancha qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Shu sababli, Oʼzbekistonning turli hududlarida tarqalgan dorivor oʼsimliklardagi parazit zamburugʼlar biotasi, zamburugʼlari taksonomik tahlili, bioekologiyasini, kasallik manbalarini oʼrganish, tarqalish xaritalarini tuzish asosida ularda uchraydigan kasalliklariga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Shu munosabat bilan Zomin milliy tabiat bogʼida dala tadqiqotlari olib borildi natijada oʼsimliklarda kasallik qoʼzgʼatuvchi 104 ta patogen zamburugʼlar aniqlandi. Quyida hududda keng tarqalgan zamburugʼlar haqidagi maʼlumotlarga toʼxtalib oʼtamiz.

Аrchaning zang (Gymnosporangium fusisporium Ed. Fisch) kasalligi. Kasallik belgilari: Zang kasalligi archa shoxlarini zararlaydi. Shoxning kasallangan qismi yoʼgʼonlashib, gʼuddalar hosil boʼladi va yorilib – yorilib ketadi. Natijada maʼlum vaqtdan keyin kasallangan archa shoxi butunlay qurib qoladi (1-rasm).

1-rasm. Аrchaning zang kasalligi

Аrcha tanasining chirish kasalligi (Hyphodontia zhixiangii sp. nov. Fisch) kasalligi.

Bu kasallik archaning tanasida yogʼochlik qismida rivojlanib, chirish kasalligini keltirib chiqaradi. Bu kasallikni qoʼzgʼatuvchi zamburugʼ juda kuchli parazit boʼlib, kasallanish bir necha yil davom etadi va daraxtning tanasi moʼrtlashadi. Natijada oʼsimlik nobud boʼladi (2-rasm).

2-rasm. Аrcha tanasining chirish kasalligi

Doʼlananing zang (Gymnosporangium confusum Plowr.) kasalligi

Kasallikning belgilari: doʼlanalarda zang kasalligini Gymnosporangium confusum zamburugʼi keltirib chiqaradi. Kasallik bahorning oxiri yozning boshlaridan rivojlanishni boshlaydi. Barg yuzasida mayda, sariq-qizgʼish dogʼlar hosil boʼladi. Keyinroq bargning orqa tomonida och-jigarrang, ipsimon oʼsimtalar rivojlanadi. Bunday oʼsimtalar mevalarni ham qoplab oladi. Ushbu kasallik Zomin milliy tabiat bogʼi hududida juda keng tarqalgan boʼlib, doʼlanalarni kuchli darajada zararlantirganligi, hatto ayrim daraxtlar qurib qolishiga sabab boʼlayotganligi aniqlangan (3-rasm).

3-rasm.- Doʼlananing zang kasalligi

Zirkning zang (Puccinia arrhenatherri

 (Kleb.) Eriks) kasalligi

Kasallikning belgilari: zirkning barglarida yaqqol namoyon boʼladi. Bargning ostki qismida qizgʼish boʼrtib chiqadigan dogʼlar paydo boʼladi. Kasallangan barglar erta toʼkilib ketadi. Bu kasallik oʼsimlikni nimjonlashishiga va erta qurib qolishiga sabab boʼladi (3-rasm).

 

 3-rasm- Zirkning zang

 kasalligi

 

 

 

 

 

 

Zirkning septorioz (Septoria berberidis Niessl.) kasalligi

Kasallikning belgilari: barglar yuzasida dastlab kichik yumaloq och jigarrang dogʼlar hosil boʼladi. Keyinroq dogʼlar yiriklashib bargning katta qismini egallab oladi va barglarni qurib qolishiga olib keladi. Bu kasallik zirkning 50-70 % barglarini zararlashi aniqlandi (4-rasm).

4-rasm. Zirkning septorioz kasalligi

 

 

 

Irgʼayning zang (Gymnosporangium fusisporum E. Fisch.) kasalligi

 Kasallikning belgilari: dastlab oʼsimlik barglarining yuzasida, mevalarda mayda, yumaloq, sariq-apelsin rangli dogʼlar paydo boʼladi. Keyinroq ular kattalashib, dogʼning orqa tarafida, yaʼni bargning orqa tomonida hamda mevalar yuzasida 3-7 mm uzunlikdagi silindrsimon, jigarrang oʼsimtalar hosil boʼladi(5-rasm).

5-rasm. Irgʼayning zang kasalligi

 

Uchqatning zang (Puccinia longirostris Kom.) kasalligi

Kasallikning belgilari: oʼsimlikning barglari, mevalari va yosh novdalari yuzasida qalin sariq dogʼlar hosil boʼladi. Keyinchalik bu dogʼlar qorayadi. Kasallangan barglar va mevalar toʼkilib ketadi. Bu kasallik oʼsimlikni umumiy nimjonlanishiga novdalarni qurib qolishiga olib keladi 6-rasm).

a                                                                                                               b

6-rasm. Uchqatning zang kasalligi

a-kasallangan barglar, b-zamburugʼning teliosporasi

 

 

Naʼmatakning zang (Phragmidium tuberculatum Jul. Müll.) kasalligi

Kasallikning belgilari: Dastlab oʼsimlik barglarining orqa qismida, mevalarda sariq – qizgʼish rangdagi yumaloq, yakka-yakka yoki qoʼshilib ketgan dogʼlar paydo boʼladi. Bu kasallik naʼmatakni bargi va mevalarini kuchli zararlaydi (8-rasm).

7-rasm. Naʼmatakning zang kasalligi

Dalachoyning un-shudring (Leveillula guttiferarum Golovin) kasalligi

Kasallikning belgilari:oʼsimlikni barglari va poyasini oq gʼuborga oʼxshash zamburugʼning mitseliysi egallab oladi. Yetarli sharoit boʼlganda kasallik oʼsimlikni butunlay qoplab oladi (9-rasm).

9-rasm. Dalachoyning un-shudring kasalligi

 

Taʼkidash joizki, nafaqat Zomin milliy tabiat bogʼi balki, respublikamizning barcha muhofaza etiladigan tabiiy hududlari, shuningdek oʼrmon xoʼjaliklarida fitosanitar nazoratni kuchaytirish, oʼsimliklarda kasallik qoʼzgʼatuvchi patogen zamburugʼlarni inventarizatsiya qilish, kasallik oʼchoqlarini aniqlash, profilaktikasi va qarshi kurash chora-tadbirlarini takomillashtirishni taqoza etadi. Himoya choralari va boshqa tadbirlarni muntazam qoʼllamaslik natijasida kasalliklar boshqa hududlarga ham tarqaladi respublikamizning tabiiy boyligi boʼlgan oʼsimlik va hayvonot dunyosini, tabiiy oʼrmonlarni, farmatsevtika sanoatining muhim xom-ashyo bazasi boʼlgan dorivor oʼsimliklarni yoʼqolishiga hamda hududdagi barqaror ekologik muvozanatni buzilishiga olib keladi.