Xorazmdagi arxitektura yodgorliklari tadqiqiga bagʼishlangan monografiya nashr etildi

Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Baxtiyar Babadjanov muallifligida Venada “Эпиграфические памятники Хорезма” nomli monografiyaning 1-jildi nashr etildi.

Ushbu kitobda Xorazmdagi arxitektura yodgorliklarida arab, fors va oʼzbek tillarida bitilgan epigrafik yozuvlarning tarjima va tadqiqi berilgan. Mazkur bitiklarning turli tarixiy davrlardagi ijtimoiy va diniy hayotning inʼikosi ekanligi koʼrsatib berilgan. Kitob fotosuratlar bilan taʼminlangan.

Kitobning birinchi jildida ilk bor Xiva shahri va atroflaridagi meʼmoriy obidalar, qabrtoshlar va boshqa buyumlardagi arab, fors va oʼzbek tillaridagi bitiklar (epigrafika) toʼla oʼqilib, tarjima etilib, barcha obidalar haqidagi maʼlumotlar qoʼyozma manbalar asosida keng sharhlar bilan boyitilgan. Xronologik qamrovi: XI–XX asr boshlari. Monografiyada obidalar va ulardagi bitiklar tarixlarining har tomonlama tahlili ilk bor amalga oshirildi. Xususan, quruvchi-donatorlarning ijtimoiy, diniy va siyosiy motivatsiyalari, epigrafik matnlarning semantik xususiyatlari, epigrafika ijtimoiy proklamatsiya sifatida, obidalar va ularning epigrafikasining autentik “tarixiy maydonda” (landshaftda) tutgan oʼrni, shuningdek, bitiklar “qadimgi shahar ijtimoiy arxivi” sifatida, ularning ajdodlarimiz mafkurasidagi oʼrni va shunga oʼxshash masalalar ilk bor keng ravishda tahlil etildi.

Kitob Аvstriya akademiyasining Eronshunoslik institutida (Institut Für Iranistik) amalga oshirilgan “Xorazm tarixi: arxivlar orqali kuzatishlar” loyihasi doirasida chop etildi.