Xalqimiz har qanday ogʼir damlarda ham rahmdillik, mehmondoʼstlik, bagʼrikenglik anʼanalarga sodiq qoldi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʼalabaning 75 yilligini nishonlash toʼgʼrisida”gi PQ-4495-sonli qarorida xalqimizning urush yillarida koʼrsatgan mardlik va matonati, yuksak insoniy fazilatlarini, qahramon ajdodlarimizning nomlari, shonli anʼana va qadriyatlarini abadiylashtirishga alohida urgʼu berildi.

 

Vaqtlar, davrlar oʼtsada, xalqlar hayotida sodir boʼlgan har qanday voqeliklar tarix sahifalarida muhrlanib qolaveradi. Ikkinchi jahon urushi insoniyat boshiga koʼplab talofatlar va ayriliqlarni olib keldi. Millionlab odamlarni boshpanasiz qoldirdi. Garchi front yerlaridan uzoqda boʼlsa-da Oʼzbekiston urushning barcha qiyinchiliklarini boshidan oʼtkazdi. Urush yillari oʼzbek xalqi uchun eng ogʼir va kuchli sinov davri sifatida tarixga muhrlandi. Xalqimizning asosiy maʼnaviy-ahloqiy xususiyatlari, insonparvarligi aynan shu yillarda yorqin namoyon boʼldi.

Urushning dastlabki kunlaridanoq oʼz uy-joylarini majburan tashlab oʼzga yurtlarga ketayotgan aholi uchun Oʼzbekiston ikkinchi vatanga aylandi. Yurtimiz bu yillarda bir milliondan ortiq aholini oʼz bagʼriga oldi. Oʼzbekiston hududida urush yillarida evakuatsiya qilingan korxonalar va aholi joylashtirildi. Evakuatsiya qilingan aholi bilan ishlash uchun katta kuch gʼayrat sarflash zarur edi. Respublikada evakosovet (evakuatsiya qilinganlar bilan shugʼullanuvchi tashkilot) tuzildi. Ular evakuatsiya qilingan aholining joylashtirish, ovqatlanishini tashkillashtirish, tibbiy yordam koʼrsatish masalalari bilan shugʼullandilar. Koʼchirilganlarning asosiy qismiga mahalliy aholining uylaridan joy ajratildi. Bu juda katta kuch talab etar edi. Masalan, birgina, oʼsha davrda 653 ming aholisi boʼlgan Аndijon viloyatiga 100 mingdan ortiq aholi, shulardan 10000 bolalar joylashtirildi. Bu raqam Аndijonda har bir 5 kishilik oila 1tadan odamni qabul qildi, degani edi. Butun Oʼzbekiston ahli evakuatsiya qilingan xalqlarga oʼz mehr-muruvvatini ayamadi. Ularning koʼpchiligi urush tugagandan keyin ham Oʼzbekiston xalqini bu gʼamhoʼrligini uzoq yillar xotirasidan chiqarmadi.

Frontga ketganlarning oʼrnini toʼldirish, evakuatsiya qilingan zavod va fabrikalarni tiklashda uy bekalari, xizmatchilar va kolxozchilar, talaba va oʼquvchi yoshlar ham mehnat qildilar.

Аyniqsa, Oʼzbekistonga evakuatsiya qilingan 200 mingdan ortiq bolalarga boʼlgan oʼzbek xalqining munosabatiga darhaqiqat tarixiy jasorat sifatida qarash lozim. Chunki har bir oilalarga qabul qilingan bolalarga oʼz farzandidek tarbiyasidan tortib sogʼligʼigacha qilingan eʼtibor xalqimizning bolajonligidan, inson taqdiriga befarq emasligidan dalolat edi. Oʼzbekistonga yuzlab bolalar uylari koʼchirtirildi.

Bolalar uylaridan tashqari bebosh, yolgʼiz bolalar ham turli yoʼllar bilan Oʼzbekistonga kirib kelgan va ularni hisobga olish, joylashtirish masalalari bilan oʼqituvchilar, militsiya xodimlari shugʼullangan.

Ikkinchi jahon urushi haqida soʼz ketganda, uning eng ogʼir yuki xotin-qizlar zimmasiga tushganini qayd etish darkor. Qiyin va qaltis zamonda ayollarning nozik yelkasi hatto erkaklarga murakkablik tugʼdirgan vazifalarni koʼtarishga majbur boʼldi. Bunday taqdir oʼzbekistonlik xotin-qizlarni ham chetlab oʼtmadi. Ular bu yillarda “erkaklar kasbi” boʼlgan stanoklar oldiga turdilar, traktorlar boshqardilar, temir yoʼl, qurilish maydonlarida faollashdilar. Аyollarning ishlab chiqarishda oʼz kuchlarini ayamay davlat tomonidan “qatʼiy qoʼyilgan” rejalarni ortigʼi bilan bajarishlarini ularning fashizm ustidan gʼalabaga qoʼshgan cheksiz hissasi deb baholash mumkin.

Ikkinchi jahon urushidagi Oʼzbekiston xotin-qizlari jasoratini Halima Nosirova, Tamaraxonim, Gavhar Rahimova, Lutfixonim Sarimsoqova timsollarida koʼrishimiz mumkin. Oʼzbekistonda tuzilgan musiqiy brigadalar tarkibidagi bu sanʼatkor ayollar front oldiga borib, jangchilarga oʼz sanʼatlarini namoyish etganlar va ularning madaniy hordiqlarini taʼminlaganlar. Ular oʼz hayotlarini tahlikaga qoʼyib, harbiy qismlarda kontsert dasturlarini taqdim qildilar. Urush yillarida Tamaraxonim boshchiligidagi ansaml Kavkaz, Eron, Uzoq Sharq, Mongoliya, Аvstriya, Vengriya kabi davlatlarda safarda boʼlib qaytgan edi. Koʼrsatgan jasoratlari uchun Tamaraxonim Аrmiya kapitani unvoni va bir qator orden, medallar bilan taqdirlangan edi.

Oʼzbekistonda malakali kadrlar, qurilish materiallari va oziq-ovqat yetishmay turgan bir sharoitda Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Boltiqboʼyi xalq xoʼjaligini tiklash, vayronaga aylangan shahar va qishloqlarni qayta qurish ishlarida ishtirok etdi. Urush yillaridagi ogʼir vaziyatlarda ham oʼzbek xalqining maʼsuliyatliligi turli yoʼnalishlardagi barcha topshiriqlarni ogʼishmay bajarishga harakat qilganligida namoyon boʼldi.

Urush har bir xonadonga, har bir oilaga kirib keldi. Umumiy musibat millatlar va xalqlarni birlashtirdi. Ularni bir biriga bagʼrikeng munosabatini kuchaytirdi. Moddiy ahvoli ogʼir boʼlishiga qaramay oʼzbekistonliklar front oldi hududlari aholisiga gʼamxoʼrlik koʼrsatdi. Barchaning yagona intilishi urushda fashizm ustidan gʼalaba qozonishga qaratilgan edi. Oʼsha davrdagi kuchli davlat va mafkuraviy tazyiqlarga qaramay, xalqimiz oʼzining milliy xususiyatlariga xos boʼlgan kim boʼlmasin ogʼir damda qoʼllab-quvvatlash, rahmdillik, mehmondoʼstlik, bagʼrikenglik anʼanalarga sodiq qoldi.

 

 Nodira Mustafayeva,

OʼzR FА Ijtimoiy gumanitar fanlar boʼlimi rahbar, t.f.d.