Tuproq unumdorligini va qishloq xo'jaligi o'simliklari hosildorligini oshiruvchi yangi texnologiyalar

O'zR FA  Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan tuproq unumdorligini va qishloq xo'jaligi o'simliklari hosildorligini oshiruvchi yangi texnologiyalar asosida “Azos-Uz” biopreparati ishlab chiqildi.

“Azos-Uz” biopreparati atmosferadagi molekulyar azotni o'zlashtiruvchi,  fitogormon sintezlovchi faol  Azospirillum avlodiga mansub bakteriyalardan tashkil topgan.  Ushbu bakteriyalar asosida yaratilgan biologik preparat qishloq xo'jaligi o'simliklarining hosildorligini ko'paytirishga, sho'rlanish sharoitlarida tuproq unumdorligini oshirishga, o'simliklarning zamburug'li va bakterial kasalliklarga chidamliligini kuchaytirishga qaratilgan.  Shu bilan birga  “Azos-Uz” biopreparati qiyin eruvchan fosfatlarni mineralizatsiyalash,  bir qator V-guruh vitaminlarni sintez qilish qobiliyatiga egadir.  Ushbu biopreparat bug'doy, g'o'za,  sholi, makkajo'xori, sabzovot, poliz va bog'dorchilik o'simliklarining urug'lariga ishlov berish uchun tavsiya etiladi.  O'simliklarni “Azos-Uz” preparati bilan ishlov berish natijasida hosildorlik  o'rtacha 15-25% ga oshadi, kimyoviy azotli o'g'itlarga bo'lgan talab esa 30-50% ga kamayadi.