Tadqiqotlar davom etmoqda

 Oʼzbekiston-Yaponiya qoʼshma arxeologik ekspeditsiyasi Аndijon viloyatining Jalaquduq tumani Oyim qishlogʼi yaqinida joylashgan Dalvarzin shahar harobasida arxeologik qazishma ishlarini davom ettirmoqda. Mazkur shahar harobasi – nafaqat Fargʼona vodiysi, balkim Oʼrta Osiyodagi soʼnggi bronza va ilk temir davri (mil avvalgi XII-VII asrlar) yodgorliklari ichida eng kattasi va muhimi hisoblanadi. Bu yerda yashagan aholi turli xoʼjalik ishlari bilan mashgʼul boʼlganlar. Shuni hisobga olgan arxeologlar joriy yilda Dalvarzindagi xoʼjalik turlarini aniqlashni oʼz oldilariga maqsad qilib qoʼydilar. Qazishmalarda asosiy eʼtibor xayvon suyaklari va oʼsimlik urugʼlari va qoldiqlarini aniqlashga qaratilmoqda. Tadqiqotlar davomida qadimiy ot suyagini aniqlanishi muhim natija sifatida eʼtirof etilmoqda. Dastlabki izlanishlar mazkur qadimgi shahar aholisi asosan dehqonchilik va uy chorvachiligi bilan mashgʼul boʼlganligini koʼrsatmoqda.