Sermazmun muzokara bo‘lib o‘tdi

O‘zR FA Navoiy bo‘limiga dastlabki muzokaralardan so‘ng, “Urumchi “Lichan Xenyuan'” internet texnologiyalar” kompaniyasining prezidenti Gao Chjigan boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasi «TIANYE» kompaniyasining 3 kishidan tarkib topgan ishbilarmonlar guruhi tashrif buyurdi. Muzokaradan asosiy maqsad viloyatdagi foydali qazilma konlarini o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligiga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va xorijiy investisiyalarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish edi.

Tomonlar 350 gektar maydonga ega qishloq xo‘jaligi ko‘rgazma parkini tashkil etish uchun yer uchastkasini tanlash maqsadida Bo‘limga qarashli “Qizilqum” ilmiy tadqiqot stansiyasi” davlat unitar korxonasiga tegishli Nurota tumanidagi 500 gektar yerlarini borib ko‘rishdi hamda Nurota tumani hokimi Umarbek Xalimov bilan uchrashishdi. Bundan tashqari, Fanlar akademiyasining muzokaralar zalida XXR SUAT «TIANYE» kompaniyasining direktori Chen' Lin' hamda boshqa xitoylik ishbilarmonlar ishtirokidagi suhbatda qatnashishdi.

Navoiy va Toshkent shaharlardagi uch kunlik muzokaralarda Xitoy Xalq Respublikasining tadbirkorlariga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ilmiy va ilmiy pedagog kadrlarning mavqeyini yaxshilashga qaratayotgan e'tibori, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda xorijiy sarmoyadorlar va tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Shuningdek tomonlar, ma'suliyati cheklangan jamiyat shaklida ikkita O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonalari: Xitoy investisiyalari oqimini muvofiqlashtirish bo‘yicha axborot-tahlil markazi va Suvni tejaydigan texnologiyalar markazini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarni muhokama qildilar. Bu markazlar ikkala mamlakatning ham ilm-fan va tadbirkorligining yangi samarali integratsiya mexanizmini joriy etish, xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot va o‘quv-uslubiy faoliyat sohasidagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etiladi.

Axborot – tahlil markazi Xitoydan O‘zbekiston Respublikasiga investisiya oqimlarini muvofiqlashtirish bilan bir qatorda, yuqori aniqlikdagi zamonaviy analitik uskunalardan foydalangan holda qazib olish, boyitish va tejash bo‘yicha kam xarajatli texnologik reglamentlarni ishlab chiqish maqsadida metal bo‘lmagan foydali qazilmalar ko‘rinishi va konlari bo‘yicha batafsil geologik, mineralogik, petrografik va texnologik tadqiqotlarni o‘tkazadi. Shuningdek, metall bo‘lmagan foydali qazilmalarni qayta ishlash, ularning noan'anaviy turlarini ishlab chiqarish, boyitish va qayta ishlash maqsadida yer osti, quduqli geofizik tadqiqotlarni o‘tkazish uchun istiqbolli maydonlarni aniqlash bilan ham shug‘ullanadi.

Suvni tejash texnologiyalari Respublikamiz hududlarining tuproq iqlim va boshqa sharoitlarini hisobga olgan holda tomchilatib sug‘orish usullari va texnologiyalarning ilmiy, amaliy va uslubiy asoslarini shaklllantirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida ishlatiladigan suv ta'minoti texnologiyalarni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqadi.

Bitim loyihalari tayyorlanib, Xitoy tomoniga tasdiqlash uchun yuborildi.

Bundan tashqari, joriy yilning 25-oktabr kuni Xitoyning «Donghua Ecology» kompaniyasi bilan video aloqa orqali kelgusidagi hamkorlik to’g’risida muzokara olib borildi.