Qishloq xo’jaligi ekinlari urug‘chiligini rivojlantirish

O‘zR FA Navoiy bo‘limi huzuridagi “Fermerlarga amaliy yordam va konsalting xizmatlari ko‘rsatish markazi” qoshidagi “Fermerlar va olimlar klubi” tashabbusi bilan “Urug‘chilik yo‘nalishini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xoʼjaligi masalalari boʼyicha oʼrinbosari S.Istamov olib borgan mazkur tabdirda agrar va urugʼchilik sohasiga oid tegishli tashkilot va muassasalaring rahbar va mutaxasislari qatnashdi.

Tadbirda urug‘chilik yo‘nalishida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish va 2020-yilga sifatli mahalliy urug‘ navlarini yaratish borasida fikr almashildi. Bodring, pomidor, soya, makkajo‘xori va karam navlarining mahalliy sifatli, hosildor navlari yaratilganligi, lekin ba'zi sabablarga ko‘ra e'tibordan chetda qolganligi va hozirgi kunda bu borada olingan ma'lumotlar, tajriba natijalariga tayangan holda bu navlarni qishloq xo‘jaligida keng targ‘ib qilish ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida aytib o‘tildi.

  

Shuningdek, FA Navoiy bo‘limiga qarashli “Qizilqum” ilmiy-tadqiqot tajriba stansiyasi” DUK rahbari tomonidan, o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, 20 ga yerga cho‘l o‘simliklari ekilganligi va moddiy qo‘llab quvvatlantirilsa, adir yerlardan imkon boricha unumli foydalanish mumkinligi bo‘yicha takliflar berildi.

Ilmiy tadqiqot markazlarida tajriba maydonchalari yaratilib, amalda qo‘llash imkoni bo‘lgan tajriba ishlarini olib borish va ilmiy asoslab berish lozimligi ta'kidlandi, shuningdek, tumanda va qishloq joylardagi talablarga qarab beda, arpa, poliz va savzavotchilik ekinlarini ekish ishlari rejalashtirildi.