Paxtachilikda yangicha yondashuv: chigitni kapsula qilib ekish

OʼzR FА Navoiy boʼlimi “Kimyo texnologiyasi, nanotexnologiyalar va qishloq xoʼjaligi” boʼlinmasi mudiri M.Usmonov rahbarligida bentonit gillaridan foydalanib kapsulalangan chigit urugʼlarini ishlab chiqarish va paxtachilikda joriy qilish loyihasi asosida chigitni kapsula qilib ekish boʼyicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlarida ijobiy natijalarga erishildi.

Chigitni bentonit kukuni bilan kapsula qilib ekishning unib chiqishga taʼsirini aniqlash maqsadida issiqxona sharoitida tajribalar olib borildi.

  

Maʼdanli gil bilan kapsula qilingan va kapsula qilinmagan chigitdan ekilgan gʼoʼzaning unuvchanligi

Tajribada chigit 2019-yil 19-fevral muddatda issiqxona sharoitida 20 litr hajmdagi tuvaklarda, har bir tuvakda 4 donadan, jami 48 dona unuvchan urugʼ ekildi. Unib chiqgunga qadar harorat 8ºC  dan 18ºC oraligʼida boʼldi.

Maʼdanli gil bilan kapsula qilingan va kapsula qilinmagan chigitdan ekilgan gʼoʼzaning rivojlanishidagi farqi

Unib chiqish 27-fevraldan boshlanib, nazorat sifatida ekilganda 1 donani tashkil etgan boʼlsa, maʼdanli gil bilan kapsula qilib ekilganda esa 4 donani tashkil etdi.

 1-mart sanasiga kelib nazorat sifatida ekilganda unib chiqqan oʼsimliklar soni 7 donani, tajriba sifatida ekilganda esa 17 donani, bu esa mutanosib ravishda 14 va 35,4 foizni tashkil etdi.

 Unib chiqish tezligi nazorat sifatida ekilganda 7 kunni tashkil qilgan boʼlsa, maʼdanli gil bilan kapsula qilib ekilganda esa ushbu koʼrsatkich 3 kunni tashkil qildi.

Nazorat sifatida ekilganda jami 46 dona, yaʼni, 95,8%, maʼdanli gil bilan kapsula qilib ekilganda 48 dona, yaʼni, 100% urugʼ unib chiqganligi kuzatildi. Tajriba sinov sifatida ekilgan dala maydonlaridagi hosildorlik sezilarli darajada yuqori boʼldi.