Oʼzbekiston tosh davriga oid yangilik

2020-yilning oktyabr oyida Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari А.Muhammadiyev, R.Z.Ibragimov, Gʼ.А.Muxtarov, Sh.Roʼzmatov boshchiligida Аngren shahar muzeyi xodimlari bilan birga Chotqol va Qurama togʼ tizmalari yonbagʼirlarida ilmiy izlanishlar olib borildi.

Tadqiqotlar natijasida bir qator yangi arxeologik yodgorliklar aniqlandi. Jumladan, Аngren vohasi Yangiobodsoy va Qorabogʼsoy irmoqlari yuqori oqimi hududlarida 2 ta tosh davri ustaxonasi, 2 ta manzilgoh, qabr-qoʼrgʼonlar kompleksi va qoyatosh suratlari aniqlandi.

Tosh davri ustaxonalaridan chiqqan topilmalar ushbu yodgorliklarning davriy chegarasi oʼrta paleolitdan boshlanib to soʼnggi paleolitning oxirlarigacha davom etganini koʼrsatdi.

 

Аniqlangan manzilgohlardan biri ustaxona yaqinida boʼlib, soʼnggi paleolit davriga tegishlidir. Ikkinchi manzilgoh tosh davrining soʼnggi paleolit davri oxirida boʼlgan koʼrinadi. Topilgan yodgorliklarning davriy sanasi yer yuzasidagi topilmalar asosida chiqarilgan boʼlib, keyingi izlanishlar masalaga aniqlik kiritishi mumkin.

Topilmalar ichida Oʼzbekiston paleolitida oldin uchramagan noyoblari ham bor. Xususan, toshdan yasalgan tumor birgina Oʼzbekiston uchun emas, balki jahon paleolitshunosligida ham noyob hisoblanadi.

Аniqlangan qoyatosh suratlari va qabr-qoʼrgʼonlar ushbu hududlarni turli tarixiy davrlarda insonlar tomonidan faol oʼzlashtirilganini koʼrsatadi.