O‘zbekiston “Qizil kitobi”ning yangi soni nashr etiladi

“Qizil kitob” – har birimizning vijdonimizdir. Har qaysi millat ham dunyo oldida o‘zining tabiat boyliklarini asrash ma’suliyatini olgan. Har bir kishini maftunkor tog‘larni qoplab turgan doimiy muzliklar, ulardagi xushbo‘y gullar, dorivor o‘simliklar, hayvon turlari, toza havo, sho‘x sharsharalari, qoyalari bilan rom etadi. Bularning hammasidan, albatta, zavq olish kerak, har bir narsaning o‘z qadriga etish, tabiatdagi mo’jazgina bir jonli mavjudotni ham asrab-avaylash lozim.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi hududida hozirgi kunda 4300 ga yaqin o‘simlik turlari mavjud bo‘lib, ular orasida jiddiy muhofazaga muhtoj ko‘pgina kamyob, endem va relikt turlar ham uchraydi. O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”da o‘simlik va hayvonot turlari, ularning oilasi, ilmiy nomi, botanik tavsifi hamda turlarning tarqalish areallarihaqida qisqacha ma’lumotlar va har bir o‘simlik turlarining ko‘rgazmali tarzda suratlari keltirilgan.

Atrof-muhitni, shu jumladan, o‘simliklar olamini muhofaza qilish muammosi insoniyat uchun hech qachon hozirgidagidek o‘ta dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan emas. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xalq xo‘jaligi turli tarmoqlarining tez sur’atlar bilan rivojlanib borishi, tabiiy maydonlarning keng miqyosda o‘zlashtirilishi – ekologik muvozanatning salbiy tomonga o‘zgarishi natijasida o‘simlik va hayvon turlarining soni kamayib borish xavfi kuchayib bormoqda.

Ma’lumki, Qizil kitobning 1-nashri 1984-yilda chop etilgan bo‘lib, unga 163 tur kiritilgan bo‘lsa, ikkinchi nashrida (1998-y.) 301 tur kiritilgan, ya’ni turlarning soni qariyb ikki martaga ortgan. 2006-yilgi nashrida muhofazaga olingan o‘simlik turlari soni 305 taga boradi. 2009-yildagi nashrida Amaryllidaceae oilasiga mansub Allium turkumidan 10 ta tur kiritilgan bo‘lsa, yangi nashrida esa ushbu turkumdan 14 ta tur kiritilganligi va ayrim oila vakllarining kamayib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Shuning bilan birga, Qizil kitobning 2009-yildagi nashri bilan yangi nashridagi o‘simlik vakillari taqqoslab ko‘rilganda, 19 turning areali kengayishi hisobiga Qizil kitob sahifalaridan chiqarilgan bo‘lsa, aksincha 24 turning kamayishi ularning Qizil kitob sahifalarini “yangi turlar bilan boyitganligini” alohida ta’kidlash lozim. Umuman olganda, noyob kamayib borayotgan turlarni saqlab qolishda faqatgina davlat organlari kurashishi emas, balki aholi orasida ham tabiatdan oqilona foydalanish madaniyatini yuksaltirish lozim.

Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, respublikamizdagi mavjud o‘simlik turlari yil sayin tobora kamayib bormoqda.

O‘zR FA Botanika instituti olimlari tomonidan so‘nggi yilarda olib borilgan ilmiy izlanishlari natijasida O‘zbekiston florasida uchraydigan kamyob turlarni o‘zida jamlagan navbatdagi O‘zR Qizil kitobning yangi soni nashrga tayyorlanmoqda. Bu orqali o‘simlik olamining hozirgi holati bo‘yicha monitoring (kuzatuv) natijalarini keng ommaga yetkazishdan iborat.

Navbatdagi nashrga tayyorlanayotgan Qizil kitobdagi o‘simliklar soni avvalgi chop etilgan nashrlardagi ma’lumotlar bilan solishtirilganda, ayrim oila vakillarining turlari keskin kamayishi natijasida muhofaza ro‘yxatiga tushganligini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Chuchmomadoshlar oilasidan – Raven piyozi, manzarali piyoz, cho‘l piyozi, yashil gulli piyoz; Yalpizdoshlar oilasidan esa Amudaryo oqto‘shasi, uchpoyali oqto‘sha, Orol flomoidesi, Torondoshlar oilasidan Zokirov qandimi hamda Ziradoshlar oilasidan Elena kovragi kabi o‘simlik vakillari kiritilganligining guvohi bo‘lishimiz mumkin.

Avvalgi ro‘yxatdagi mavjud ayrim turlar tarqalish areallarining so‘nggi yillarda kengayishi va tabiiy ko‘payishi oqibatida esa, aksincha, ushbu turlar (Sigirquyruqdoshlar oilasidan Oloy nataliellasi, Ayiqtovondoshlar oilasidan – yumaloqbarg parpi, tillarang sug‘uro‘t, Oltoy trolliusi, Ra’noguldoshlar oilasidan – Olьga sorbariyasi, Chinniguldoshlar oilasidan – Tojikiston etmagi) Qizil kitob ro‘yxatidan chiqarildi.

Qizil kitobning yana bir muhim tomoni – bu uning sahifalari hech qachon tugallanmasligidir, doimo uning sahafalarini yangi o‘simlik turlari va hayvon zotlari to‘ldirib boradi. AQShning Norzern Universiteti biologlarining xulosalariga ko‘ra, “Qizil kitob”ning sahifalarini qisqartirish uchun inson madaniyati va xulqini doim oshira borish kerak. Bu orqali esa uning sahifalarini kamaytirish hamda o‘simlik va hayvon turlarining muayyan darajada saqlanib qolishiga erishish mumkin.

Nargiza Raximova,

O’zR FA Botanika instituti huzuridagi

akad. F.N. Rusanov nomidagi

Toshkent Botanika bog’i katta ilmiy xodimi.