Joriy yil 3may kuni Toshkent Botanika bogʼida Oʼzbek-Xitoy piyozlar bogʼi Toshkent markazining 2021-yil mavsumi ochilishiga bagʼishlangan tadbir boʼlib oʼtdi. Tadbirda Xitoy Fanlar akademiyasi Kunming Botanika instituti ilmiy xodimi Z.Yusupov, Toshkent davlat agrar universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektori K.Sultonov, OʼzR FA Botanika insituti direktori D. Dehqonov, akademik K.Sh.Tojibayev va Botanika instituti hamda Botanika bogʼi ilmiy xodimlari ishtirok etishdi.
Eslatib oʼtamiz, OʼzR FА Botanika instituti huzuridagi Toshkent Botanika bogʼida Oʼzbek-Xitoy piyozlar bogʼi Toshkent markazi (Global Allium Garden Tashkent center) 2018-yilda tashkil etilgan. Piyozlar bogʼi Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti bosh ilmiy xodimi akademik K.Sh.Tojibayev va Xitoy Fanlar akademiyasi Kunmin botanika bogʼi va Botanika instituti ilmiy xodimlarining tashabbusi bilan barpo qilingan. Dastlab yaratilgan piyozlar bogʼining umumiy maydoni 0,5 ga ni tashkil qilgan boʼlib, kolleksiyada nafaqat Oʼzbekiston florasining Piyozlar turkumiga mansub oʼsimliklar, balki floramizning geofit oʼsimliklari – lolalar, gulsafsarlar va shirachlar ham oʼrin olgan. Oʼzbek-Xitoy piyozlar bogʼi har ikki davlat ilmiy hamkorligining yangi marralarga olib chiqishda dastlabki loyihalardan biri boʼlib xizmat qilmoqda.
Oʼzbekiston florasida piyozlarning 130 ortiq turlari mavjud boʼlib, ular orasida manzarali, dorivor, noyob va endem turlar oʼziga xosligi bilan ajralib turadi. Аyni paytda Piyozlar bogʼida Markaziy Osiyo, Xitoy, Eron, Kavkaz va Oʼrta Yer dengizi florasiga mansub 100 dan ortiq turlar parvarish qilinmoqda.