O'zbek arxeologi Varshava universiteti medali bilan taqdirlandi

2019-yil 29-iyulda O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Polshaning Varshava universiteti tarmog‘idagi Arxeologiya instituti va O'zR Arxeologik tadqiqotlar instituti o'rtasidagi hamkorlikning 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zR FA vitse-prezidenti Bahrom Abduxalimov,  Polshaning O‘zbekistondagi elchisi Piotr Ivashkevich, Varshava universiteti professori Karol Shimchak, doktor Malgorzata Kot, shuningdek, yetakchi arxeolog olimlar ishtirok etdi.

 

Ushbu tadbirda O‘zR FA Arxeologik tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Muhiddin Xo‘janazarov O‘zbekistonni Varshava arxeologlariga tanishtirgani, ular bilan ilmiy hamkorlik o‘rnatgani va bu sohada katta yutuqlarga erishgani uchun Varshava universiteti medali bilan taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, Polshaning Varshava universiteti tarmog‘idagi Arxeologiya instituti va O'zR Arxeologik tadqiqotlar instituti o'rtasidagi ilmiy hamkorlik 1994-yilda boshlangan. Qo‘shma arxeologik ekspeditsiyalar davomida Qo‘tirbuloq, Oyoqog‘itma, Ertoshsoy, Kattasoy-1, Kattasoy-2 kabi arxeologik yodgorliklarda qazishma ishlari olib borilgan. Ularning har biri O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixining ilk bosqichlarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.