O'tukan tog'ining turkiy xalqlar o'tmishidagi siyosiy o'rni

Kuni kecha FA Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi Munira Xatamovaning “O'tukan (Ötüken)” nomli maqolasi Turkiyaning yuqori reytingli ilmiy jurnallaridan biri – “Genel Türk Tarihi Araştirmalari dergisi”da (https://dergipark.org.tr/en/pub/gttad) chop etildi. Unda bugungi Mo'g'ulistonning shimoli g'arbidagi Xangay tizmasi bilan tenglashtiriluvchi muqaddas O'tukan tog'ining turkiy xalqlar o'tmishidagi siyosiy o'rni va u yerda Turk xoqonligining doimiy poytaxt shahri bo'lganmi yo'qmi borasida xulosalar bildirilgan.

Ilk bor O'rxun bitiktoshlarida tilga olingan O'tukan toponimining etimologiyasi, o'rnashgan yeri va xunlardan boshlab Markaziy Osiyoning deyarli barcha davlatlari o'z markazlarini O'rxun vohasi yoki O'tukan yishda qurishlari udumga aylangani sabablariga bo'lgan qiziqish kamaygani yo'q. O'tukan vodiysida turklargacha xunlar va juan juanlarning, turklardan so'ng uyg'urlar va mo'g'ullarning poytaxt shaharlari bo'lgani yozma manbalar va arxeologik materiallar bilan o'z tasdig'ini topgan.

Xitoy yilnomalarida turk xoqonlari O'tukanda saroy va poytaxt shahar qurdirgani to'g'risida yozuvlar saqlangan bo'lishiga qaramay, haligacha bu yerda Turk xoqonligining chinakam doimiy poytaxt shahri bo'lmagan deb qaraladi. Bizningcha, uyg'ur xoqonlarining shaharlar qurishga bo'lgan intilishi birgina ularning moniylikni qabul qilganliklari bilan bog'liq bo'lmay, o'zlarigacha bo'lgan turklarning shaharlari o'rnidan davom ettirgan ko'rinadi. Chunki O'rxun vohasida XIX yuzyillikdan beri olib borilayotgan arxeologik izlanishlar bu masalada yangi xulosalarni bermoqda. Xususan, Sagan sum shahar xarobasi Uyg'ur xoqonligining Ko'k O'rdu deb atalgan sakral markazlaridan bo'lgani, o'tkazilgan radiokarbon tahlili uning 595 va 665 yillar orasida qurilganini tasdiqlagan. Ko'k O'rduning qurilishini ayrim arxeologlar uyg'urlar bilan, boshqalar esa turklar bilan bog'lagan. O'z vaqtida Qorabolg'asun (O'rdu baliq)ni o'rgangan arxeologlar ham uning bir davrda paydo bo'lmaganini ilgari surishgandi.

Nima bo'lganda ham, Xangay tog'i va O'rxun vohasi tegralarida turk bitiktoshlari, shahar xarobalari va boshqa yodgorliklarning topilgani bu yerlar butun turkiy xalqlar uchun siyosiy va sakral markaz vazifasini o'taganiga shubha yo'q. Mo'g'ulistondagi Qorabolg'asun, Chilen baliq va Sagan sum (Ko'k O'rdu)da kelgusida olib boriladigan arxeologik qazishmalar yozma manbalardagi ma'lumotlar bilan qiyosiy o'rganilsa, Muqan xoqon davrida qurilgan poytaxt shahar – O'tukan hamda Bilga xoqon qurdirgan O'rdu baliq shaharlarining o'rni va ko'rinishi haqida ma'lumotlarga ega bo'lish mumkin.