Markaziy Osiyo o‘simliklar xilma-xilligini o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya hamkorligi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti hamda Central Asian Desert Initiative (CADI) xalqaro loyihasining subkomponenti sifatida Mixaelya Zukkova jamg‘armasi va Germaniyaning Grayfsvald universiteti bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoning virtual florasi: o‘simlik resurslaridan barqaror foydalanish” (2019-2020 y.y.) mavzusidagi xalqaro loyihasini amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyihaning asosiy vazifalari O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASH) kolleksiyalarini raqamli formatga o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasining kam o‘rganilgan hududlarida dala ekspeditsiya tadqiqotlari olib borish, oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan eng muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir urug‘pallali o‘simliklar misolida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo florasidagi turlarning onlayn ma’lumotlar bazani (virtual florasi)ni yaratishdir.

 

2019-yilning hozirgi kunigacha bo‘lgan vaqt mobaynida "O‘zbekistonning virtual florasi" veb-interfeysi Grayfsvald universiteti IT-mutaxasislarining tomonidan ishlab chiqilgan veb-infratuzilmasi (FloraGreif) asosida yaratildi. Ayni kunlarda loyiha ishtirokchilari tomonidan ma’lumotlarni yuklash va tahrirlash jarayoni davom etmoqda. Hozirda mazkur tizimga 5 mingga yaqin gerbariy namunalari kiritilgan.

2019-yil iyul oyida loyiha doirasida "O‘zbekistonning virtual florasi" ga yangi ma’lumotlar to‘plash uchun Nurota tog‘ tizmasi va Angren platosiga hududlariga hamkorlikda dala ekspeditsiya tadqiqotlari tashkil etildi.

Ekspeditsiyada Fanlar akademiyasi Botanika institutining bir qator olimlari, shuningdek, Germaniyaning Grayfsvald universiteti tomonidan esa 2 nafar yosh mutaxassislar - Kristina Malpika va Leonie Hebermehl ishtirok etishdi. Ekspeditsiya davomida shu tog‘li hududlarning florasi bo‘yicha yangi ma’lumotlar olindi va Markaziy Osiyo florasiga mansub bo‘lgan endem va kamyob o‘simliklarning yangi populyatsiyalari aniqlandi. Germaniyalik mutaxassislarning diqqat markazida balandtog‘ mintaqalarida joylashgan botqoq (soz) o‘tloqlarini tarkibini o‘rganish bo‘ldi.