Farg‘ona vodiysi hududi ko‘p ming yillar davomida o‘zining rang-barang landshaftiga ega bo‘lganligi bilan O‘rta Osiyoning turli mintaqalarida, paleolit davridan to neolitgacha va undan keyingi davrlarda yashagan xalqlar uchun jonli sivilizatsiya chorrahasi bo‘lib kelgan.
Farg‘ona vodiysida joylashgan Obishir-5 yodgorligida Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limining Arxeologiya va etnografiya instituti (Novosibirsk) bir guruh olimlari tadqiqot olib borishi natijasida qadimgi insonning iqtisodiy negizida tub oʻzgarishlar roʻy bergan davr – ilk neolit davrida ovchilik va terimchilikdan ishlab chiqarish xoʻjaligiga oʻtish bo‘lganligi aniqlandi.
Buni toshni qayta ishlash texnologiyalarida aniqlangan o'zgarishlar, donli ekinlarni maydalash uchun asbob-uskunalarning paydo bo'lishi, shuningdek, bundan 8 ming yil avval chorvachilik mavjudligidan dalolat beruvchi zooarxeologik va paleogenetik ma'lumotlar dalolat bermoqda.
Farg’ona vodiysining Markaziy Farg’ona cho’llarida ilk chorvachilikning tarqalishi masalalariga oydinlik kiritish maqsadida O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi hamda Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya va etnografiya instituti Sibir bo‘limi hamkorligida xalqaro arxeologik ekspeditsiya tashkil etildi.
1950–1970-yillarda bu hududda jadal arxeologik ishlar olib borilganini, o‘sha vaqtda ushbu hududda o‘nlab neolit davri yodgorliklari topilganligini alohida ta’kidlash lozim. Vaqt o'tishi bilan ularning joylashuvi yo'qoldi va yodgorliklarning bir qismi antropogen ta'sir natijasida vayron bo'ldi.
Hozirda Farg‘ona vodiysining markaziy qismida bir guruh olimlar arxeologik qidiruv ishlarini olib bormoqda. Ayni paytda ekspeditsiyadan ko‘zlangan maqsad saqlanib qolgan neolit davri yodgorliklarini izlash, ularni ro‘yxatga olish va ularni zamonaviy uslub asosda o‘rganishdan iborat. Qadimgi Sho’rkol, Uzunko’l, Achchiq ko’l hududlarida olib borilayotgan dala izlanishlari natijasida arxeologlar tomonidan birinchi topilmalar, ya'ni, tosh artefaktlar va sopol buyumlar parchalari qo’lga kiritildi.