Kartoshkachilikni rivojlantirish xalqimiz rizq –roʼzini taʼminlash garovidir

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urugʼchiligini yanada rivojlantirish chora- tadbirlari toʼgʼrisida” gi qarori Respublika axolisining isteʼmol kartoshkaga boʼlgan ehtiyojini toʼla taʼminlash va shu bilan bir qatorda kartoshkachilikka yoʼnaltirilgan xoʼjaliklarni sifatli urugʼlik kartoshka bilan taʼminlash borasida oʼz vaqtida belgilangan yorqin va shijoatli yechim deb bilamiz. Respublikamizda 120 ming gektardan koʼproq maydonda kartoshka yetishtiriladi va hududlarning iqlim sharoitidan kelib chiqqan xolda 1 gektar maydondan 15 dan 35 tonnagacha kartoshka hosili olinadi. Kartoshka hosildorligiga asosiy taʼsir qiluvchi omillar ekilgan yer maydonining iqlim sharoiti, yerning sifat darajasi, yetarli darajada sugʼorish imkoniyatining mavjudligi, sifatli urugʼlik bilan taʼminlanganligi, parvarishlash agrotexnologiyasiga toʼla rioya qilinganligi, kasalliklardan oʼz vaqtida himoyalanganligi va boshqalardan iborat. Ushbu omillardan asosiy va eng ahamiyatlisi hosildor, isteʼmolga yaroqli, sifatli, kasalliklardan xoli boʼlgan urugʼlik kartoshka bilan taʼminlashdan iborat. Shu sababli, faqat ayrim mamlakatlardagina urugʼlik kartoshka yetishtirish imkoniyati mavjud. Urugʼlik kartoshka yetishtirish keng kamrovli soha boʼlib uning asosini, maʼlum kartoshka navining kasalliklardan (patogen va viruslardan) xoli bo`lgan birlamchi urugʼligini olish va uni bosqichma-bosqich ko`paytirishdan iborat. Donli ekinlardan farqli, kartoshka vegetativ usulda koʼpaygani sababli urugʼlikni doimo yangilanib borishini talab etadi. Shu sababli urugʼlik kartoshka yetishtirish hujayra texnologiyalariga asoslangan in vitro usulida birlamchi urugʼlikni - mikrotuganaklar shaklida yoki in vitro oʼsimlik sifatida olishdan boshlanadi. Kartoshkaning birlamchi urugʼligi issiqxonalarga yoki patogenlardan xolis yer maydonlariga ekilib yuqori avlodga mansub urugʼlik kartoshka yetishtiriladi.

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti tomonidan qator yillar davomida Respublikada urugʼlik kartoshka yetishtirish boʼyicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ushbu izlanishlar jahon talablari darajasida bajarilmoqda. Jumladan, Institut tomonidan hujayra texnologiyalariga asoslangan in vitro laboratoriya tashkil etilgan va ushbu laboratoriya tomonidan yetishtirilgan mikrotuganaklar, dengiz satxidan 1500-2000 metr yuqori joylashgan yer maydonlariga ekilib ulardan urugʼlik kartoshkaning super super elita (SSE), super elita (SE) , elita (E) sinfiga mos avlodlarini olish agrotexnologiyasi yaratilgan.

Respublikada hujayra texnologiyalariga asoslangan in vitro laboratoriya Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti tomonidan 2014-yilda tashkil etilgan boʼlib, unda ushbu sohaning yetakchi mutaxassislari faoliyat yuritadi va ushbu laboratoriya yiliga 1,5- 2 mln dona kartoshka urugʼligi mikrotuganaklarini, zarur holda in vitro oʼsimligini yetishtirish imkoniyatiga ega.

Аhamiyatlisi shuki, Prezident qarorida hududlarda in vitro laboratoriyalar tashkil etish va ularni ilmiy asosda ishga tushirish mexanizmlari ochib berilgan. Bunday laboratoriyalarni hududlarda yaratish asosida har bir hududning iqlim va boshqa sharoitlariga mos, isteʼmol talab kartoshkaning birlamchi urugʼligini yetishtirish imkoniyati yaratiladi.

Hujayra texnologiyalariga asoslangan in vitro laboratoriyalarni tashkil etish kartoshka birlamchi urugʼligi - mikrotuganaklar yoki in vitro oʼsimliklarni koʼplab miqdorda ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Eng asosiysi, ushbu laboratoriyalarni hujayra texnologiyalari sohasida mutaxasislar bilan taʼminlashdan iborat. Kerakli mutaxassislarni tayorlashda ilm-fan bilan oʼzaro hamkorlikni yoʼlga qoʼyish, mavjud tajribalardan toʼla foydalanish zarur deb bilamiz. Hujayra texnologiyalariga asoslangan in vitro laboratoriyalarni tashkil etish xohlagan navdan kartoshka birlamchi urugʼligini yil davomida kerakli miqdorda ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Bioorganik kimyo institutida hujayra texnologiyalariga asoslangan in vitro laboratoriyada patogan va viruslardan xoli bo`lgan kartoshka birlamchi urugʼligini - mikrotuganaklarni olish ishlari yoʼlga qoʼyildi va ular asosida urugʼlik kartoshkaning keyingi yuqori sinf avlodlarini olish mumkinligini koʼrsatildi. Bugungi kunda, Institutning in vitro laboratoriyasi xoʼjaliklarga kerakli miqdor kartoshka birlamchi urugʼligini shartnoma asosida yetishtirib berish imkoniyatiga ega.

Urugʼlik kartoshka yetishtirishdagi asosiy muammo kartoshka birlamchi urugʼligini – mikrotuganaklarni yoki in vitro oʼsimligini issiqxona yoki yer sharoitida ekib koʼpaytirib undan SSE avlodiga mansub urugʼlikni yetishtirishdan iborat. Institut tomonidan qator yillar davomida in vitro usulida olingan kartoshkaning “Pskom” va “Sarnav” navlari birlamchi urugʼligi - mikrotuganaklari asosida, ushbu navlarning SSE, SE, E avlodlariga mansub urugʼlik kartoshka dala sharoitida Toshkent viloyati Boʼstonliq tumani, Jizzax viloyati Baxmal tumani yer hududlarida yetishtirildi. Oxirgi 3 yil davomida olingan 2000 tonnadan koʼproq SE va E avlodlariga mansub urugʼlik kartoshka fermer xoʼjaliklariga isteʼmolga kartoshka yetishtirish uchun sotildi.

Kartoshka urugʼchiligi ilmiy asoslarini yaratish boʼyicha Bioorganik kimyo instituti tomonidan olib borilgan izlanishlar shuni koʼrsatmoqdaki, in vitro usulida olingan mikrotuganaklarni yerga ekilishi, yerga moslashuvi, yerda toʼla unib chiqishi, oʼsish davrida uni kasalliklardan saqlash kabi vazifalarga eʼtiborni qaratish lozim.

Prezident qarorida ushbu vazifalarning yechimi oʼz aksini topgan. Jumladan, kartoshkachilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalarini tashkil etish va ekin maydonining kamida 50 % urugʼlik kartoshkaning SE va E avlodlarini yetishtirish vazifasi qoʼyilgan. Shuningdek, qarorga binoan urugʼlik kartoshkani saqlash, saralash, yetkazib berish va qayta ishlashni yoʼlga qoʼyish unga innovatsion texnologiyalarni joriy etish kabi vazifalar koʼzda tutilgan. Klasterlarning tashkil etilishi xoʼjaliklarni urugʼlik kartoshkaga boʼlgan eʼtiborini oshiradi va endilikda xoʼjaliklar bir vaqtda yetishtirgan xosilni isteʼmol uchun sotadi va oʼzi yetishtirgan urugʼlikni keyingi yilga ekish uchun oxirgi innovatsion texnologiyalar asosida saqlaydi va kerak boʼlsa urugʼlik kartoshka sifatida sotadi yoki eksportga yoʼnaltiradi.

Qarorda, Xalqaro kartoshkachilik markazi bilan xamkorlikni yoʼlga qoʼyish asosiy vazifalardan biri etib tayinlangan. Xalqaro kartoshkachilik markazi qator yillar davomida Respublikamizda faoliyat olib boradi. Jumladan, ushbu tashkilotning begʼaraz koʼmagi orqali Bioorganik kimyo institutida bugungi kunda “Kartoshka biotexnologik kollektsiyasi” mavjud boʼlib, unda kartoshkaning 200 dan ziyod genotiplari, 86 ta germplazmalari va 20 dan ortiq navlari noyob ilmiy obyekt sifatida saqlanmoqda. Hamkorlikda olib borilgan izlanishlar natijasida Institut tomonidan, bugungi kunda kartoshkaning 4 ta yangi navi “Qaysar”, “Gʼilon”, “Oybuloq” va “Аlvon” yaratilgan va Davlat sinov komissiyasiga topshirilgan. Kelajakda, Xalqaro kartoshkachilik markazi bilan hamkorlikni jadallashtirish Respublikamiz aholisini kartoshkaning erta, oʼrta va kechpishar mahalliy navlari bilan taʼminlash imkoniyatini yaratadi.

Respublikamiz Prezidenti tomonidan kabul qilingan ushbu qaror, mamlakatimiz aholisini isteʼmolga kerakli kartoshka bilan toʼla taʼminlash imkoniyatini yaratadi. Qolaversa, xoʼjaliklar oʼzlarini sifatli urugʼlik kartoshka bilan taʼminlaydilar va kelajakda urugʼlik kartoshkani eksport qilish imkoniyatiga ega boʼladilar.

 

Shavkat Salixov,

O’zR FA Bioorganik kimyo instituti direktori, akademik.