Ishlab chiqarilayotgan biopreparatlarni amaliyotga tadbiq qilish

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutida Qishloq xoʼjaligi vaziri J.Xodjayev, Innovatsion rivojlanish vaziri, akad. I.Аbduraxmanov bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Uchrashuvda OʼzR Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda 2020-yil 31-yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qoʼmitasidagi olimlar, yosh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida OʼzR FА Mikrobiologiya institutining Qishloq xoʼjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda amalga oshiriladigan ishlari, takliflar va muammolarni hal etish masalalari koʼrildi.

  

Uchrashuv yakunida OʼzR FА Mikrobiologiya instituti hamda Qishloq xoʼjaligi vazirligi oʼrtasida “Yoʼl xaritasi” tasdiqlandi. Oʼzbekistonning turli hududlarida soya oʼsimligini yetishtirish boʼyicha OʼzR FА Mikrobiologiya instituti va Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda Mega loyihani amalga oshirish zarur ekanligi maʼqullandi. Dunaliella salina mikrosuvoʼtlarini oʼstirish uchun kichik masshtabdagi plantatsiyalar qurish va ulardan tijorat mahsulotlari olish texnologiyalarini ishlab chiqish boʼyicha tijorat rejasi tasdiqlandi va Qishloq xoʼjaligi vazirligi yordamida amalga oshirilishi belgilandi. OʼzR FА Mikrobiologiya institutida ishlab chiqarilayotgan biopreparatlarni amaliyotga tadbiq qilish uchun ularni qoʼllash mexanizmi, natijasi, hajmi va narxi haqida maʼlumotlar Qishloq xoʼjaligi vazirligiga topshirildi.