Ilm-fan va ayollar

Аyolni eʼzozlash, ularga farzandlarimiz tarbiyachisi, oilalarimiz tayanchi sifatida hurmat-ehtirom koʼrsatish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish davlat siyosati darajasiga koʼtarildi. Jamiyatimizda ayollarning oʼrni va mavqei ham yildan yilga oshib bormoqda.

  

Hozirgi kunda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida jami 4761 nafar xodimlar faoliyat koʼrsatayotgan boʼlsa, shulardan 1905 nafari ayollarni tashkil qiladi. Jami 2146 nafar ilmiy xodimdan 695 nafari ayollar boʼlib, jumladan, 7 nafar akademik, 90 nafar fan doktori, 250 nafar fan nomzodlaridir. Koʼrinib turibdiki, xotin-qizlarimiz mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotining barcha jabhasida munosib faoliyat yuritmoqda. Ular nafaqat, kelajak avlodni kamol toptirishda, balki ilm-fan, taʼlim, sogʼliqni saqlash sohasida, sanoat va qishloq xoʼjaligini rivojlantirishda oʼz hissalarini qoʼshib kelmoqdalar.

Shuningdek, FА tizimidagi eng yirik ilmiy-tadqiqot muassasalaridan hisoblangan Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, Immunologiya va inson genomikasi instituti, Oʼzbekiston tarixi davlat muzeyi hamda FА Fundamental kutubxonasi rahbarlari ayollar ekanligi quvonarli. Bu esa jamiyatimizda ayollarning mavqei ortayotganidan va mamlakatimiz rivojida ularning oʼrni alohida ekanligidan dalolat beradi. Mehnatsevar, aqlli, jonkuyar ayollarimizga kuch-quvvat, sihat-salomatlik, oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik tilaymiz va Vatanimiz ravnaqi yoʼlida xormay-tolmay mehnat qilishlariga tilakdoshmiz!