O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va "Carbon-Polymer" mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Mazkur korxona tomonidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishda ishlatiladigan asosiy materiallardan biri bu sifatli grafitdir. Aynan shu omil “Carbon-Polymer” MChJ va Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga asos bo‘ldi. Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan 2018-2019-yillarda "Grafitli surkov mahsulot olish maqsadida Toshqazgan koni grafit rudalarini boyitish texnologiyasini ishlab chiqish" innovasion loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Natijada boyitilgan grafit konsentratsiyasining eksperimental partiyasi olindi.
Yaqin orada Navoiy shahrida joylashgan “Gidro Stanko Servis” MChJ bilan shunga o‘xshash memorandum imzolash rejalashtirilgan. Mazkur korxona asosan tog‘-kon, neft va gaz sohalari uchun sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Shuni ta'kidlash joizki, 2021-yil boshidan buyon Navoiy bo‘limi tomonidan “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” AJ va “GIDROINGEO instituti” DM bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.