Glinozem olishning yangi texnologiyasi

Dunyoda sanoatning tez rivojlanishi, rangli metallarga, jumladan alyuminiyga boʼlgan ehtiyojning keskin ortishiga olib keldi. Аlyuminiy asosan boksitlardan (alyuminiy miqdori 50%dan ortiq) olinadi, Oʼzbekistonda bu xom-ashyo cheklangan miqdorda mavjud xolos, lekin, koʼmir konlarining yuqori qatlamidagi ikkilamchi kaolinlar tarkibida 22%gacha alyuminiy mavjud. Har yili 10 mln.tonnadan ortiq ikkilamchi kaolin undagi alyuminiy miqdori kam boʼlganligi sababli texnogen chiqindi sifatida yigʼiladi. Shuning uchun mahalliy ikkilamchi kaolinni boyitish va undan glinozem (alyuminiy oksidi) ishlab chiqarish eng dolzarb ilmiy masalalardan hisoblanadi.

 Kaolinlardan glinozem ishlab chiqarishning ikki usuli mavjud:

1) kislotalar yordamida, 2) yuqori haroratda eritish. Birinchi usul ekologiyaga salbiy taʼsir koʼrsatsa, ikkinchisi mahalliy kaolin tarkibida alyuminiy kamligi tufayli iqtisodiy samarasiz hisoblanadi.

Taʼkidlab oʼtish joizki, alyuminiy ishlab chiqarishning anʼanaviy texnologik tizimi murakkabligi, elektr energiya sarfining koʼpligi, qimmat narhli ftor tuzlari, uglerodli anod massasi, glinozem kabi materiallar qoʼllanilishi bilan ajralib turadi. Bulardan tashqari, jarayon koʼp bosqichli, metal sarfi juda katta va uzoq vaqt talab qiladi.

OʼzR FА Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan mazkur masalaning yangi yechimi taklif etilgan. Mazkur yechim, funksional keramika asosida yaratilgan impuls konvertorlarini gidrometallurgik texnologiyalarda qoʼllash imkoniyati bilan bogʼliq. Boshqacha qilib aytganda, kam alyuminiyli kaolin monoimpuls taʼsirida boyitiladi va tarkibda glinezom miqdori ortadi. Yangi ixtiro tufayli, hozirgacha rentabeligi past jarayon, yuqori rentabel jarayonga aylanadi.