Fizik tadqiqotlarda yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida rentgen nurlari sochilishiga asoslanib ishlaydigan Malvern Pananalytical kompaniyasining Empyrean rusumli zamonaviy difraktometri ishga tushirildi.

Yangi qurilma o‘zining texnik ko‘rsatkichlari, tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatlari, qo‘shimcha asbob-uskunalari, zamonaviy dasturlari, difraktsiya natijalari  asosida to‘laqonli strukturalar  bazasi mavjudligi bilan dunedagi stabil, ishonchli ishlaydigan yetakchi qurilmalardan  hisoblanadi.

Yangi difraktometr, kondensirlangan holat fizikasi, materialshunoslik, kimyo, biologiya hamda asbobsozlik yo‘nalishlarida yuqori ajratish qobiliyati, aniqligi, ekspress usulda tadqiqotlar o‘tkazishi bilan eng dolzarb yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar o‘tkazishga imkon beradi.

Boshqa difraktometrlardan farqli o‘laroq, bu difraktometr kichik hamda keng sochilish burchaklaridan tashqari o‘ta kichik sochilish burchaklarida ham tadqiqotlar o‘tkazishga imkon beradi. Mahsulot, material, birikma hamda turli o‘lcham va holatdagi namunalarning strukturasini, struktura hamda ularning xossalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash asosida ularning xossalarini yaxshilashga  imkoniyatlar yaratib beradi.