Fanlar akademiyasi vakillari Minsk shahridagi shoir Alisher Navoiy byust haykalining tantanali ochilishida

2019-yil 29-iyul kuni Belarus Milliy Fanlar akademiyasida Belarus va O‘zbekiston hududlari forumining  Belarus Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hududlarini gumanitar, axborot-kommunikatsiya va ilmiy sohalardagi hamkorligini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan sho‘ba majlisi o‘tkazildi. Majlisga Belarus Respublikasi Milliy yig‘ini Respublika kengashining doimiy komissiyasi raisi Sergey Raxmanov hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha Qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxodjayev moderatorlik qildi.

Belarus Milliy Fanlar akademiyasi Prezidiumi raisi Vladimir Gusakov O‘zbekiston uchun istiqbolli bo‘lgan ishlanmalar va texnologiyalar haqida gapirish barobarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan loyihalarga to‘xtalib o‘tdi. Sho‘bada sun’iy intellekt, axborot-kommunikatsiya texnologiyalar sohasidagi texnoparklar, O‘zbekiston va Belarusning turizm salohiyati bo‘yicha ma’ruzalar qilindi.

Sho‘ba majlisida Belarus davlat universitetining Respublika oliy maktab institutida ilmiy stajirovka o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat olib borayotgan direktor o‘rinbosarlari, oliy ta’lim muassasalarining prorektorlari, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligining boshqa stajirovka dasturlari bo‘yicha kelgan yosh olimlar va aspirantlar qatnashdi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vakillari Minsk shahrida, Kirov–Sverdlov–Ulyanovskiy ko‘chalari kesishuvidagi hududda buyuk shoir Alisher Navoiy byust haykalining tantanali ochilishida qatnashdi.