“Buyuk dasht merosi” ko‘rgazmasi ochildi

22-fevral kuni “2019-yilda O‘zbekistonda Qozog‘iston yili” tadbirlari doirasida O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Azret-Sulton” davlat tarixiy-madaniy muzey-qo‘riqxonasi”ning  “Buyuk dasht merosi” nomli foto ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmada muzey-qo‘riqxonaning 50 dan ortiq fotosuratlari va bosma nashrlari namoyish etilmoqda. Jumladan, sayohatchi A.Kunning “Turkiston albomi”dan o‘rin olgan Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasining 1871-1872-yillarda olingan suratlari,  Amir Temur buyrug‘i bilan quyilgan qozon va shamdonlar, bayroqning tig‘i, eshiklar, muzey qo‘riqxona fondidagi etnografik va arxeologik materiallar, Turkiston mintaqasidagi tarixiy-madaniy joylarning suratlari namoyish etilmoqda.

Ushbu ko‘rgazmani O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyida o‘tkazishdan maqsad ikki davlat o‘rtasida madaniy-ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlash, Turkistonning tarixiy o‘tmishini, uning madaniy-ma’naviy qiyofasini namoyish etish,  tarixiy yodgorliklarni tashviq qilish, madaniy aloqalarni kengaytirish hamda muzeylar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishdir.

Ko‘rgazma bir oy davom etadi.

Eslatib ztamiz, O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari Prezidentlarining 2017-yil 16-sentabrdagi uchrashuvi davomida 2018-yilda Qozig‘istonda “O‘zbekiston yili”, 2019-yilda O‘zbekistonda “Qozog‘iston yili”ni nishonlash to‘g‘risida kelishilgan edi. Shu munosabat bilan 2018-yilning 5-iyulida Turkiston shahridagi “Azret Sultan” muzey qo‘riqxonasida “Temuriylar tarixi davlat muzeyi durdonalari” nomli foto ko‘rgazma tashkil etilgandi. Ushbu ko‘rgazma Qozog‘iston aholisida katta qiziqish uyg‘otgandi va bir oy davomida ko‘rgazmaga 30 mingdan ortiq tomoshabinlar tashrif buyurgan edi.