Bioakrilamid olish uchun yangi «RODOАMID» biokatalizatori ishlab chiqildi

Аkrilamid koʼp tonnali poliakrilamid va akril kislotasining har xil polimerlarini hamda sopolimerlarini ishlab chiqarishda qimmatli monomer hisoblanadi. Аkrilamid polimerlari har tomonlama foydali boʼlgan noyob xususiyatlarga ega hamda texnika va texnologiyalarning bir qancha sohalarida (foydali qazilmalar rudalarni (uran, oltin, titan, toshkoʼmir, alyuminiy, temir) regeneratsiya va boyitishda flotatsiya hovuzlarida flokulyant, burgʼulash suyuqliklarining reologik xususiyatlarini va filtrlanishini barqarorlashtiruvchi hamda boshqaruvchi, neft quduqlari devorlarini va plastlarning gidravlik kesimini qotirish uchun tuproq hosil qiluvchi, tabiiy va sanoat oqava suvlarini tozalash hamda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash uchun flokulyant, qogʼozlarning suyuq va quruq holatlarida chidamliligini boshqaruvchi hamda ularning bosma xususiyatlarini yaxshilash uchun qoʼshimcha vosita, urugʼlar, insektitsidlar, gerbitsidlar va fungitsidlar uchun plyonka hosil qiluvchi, tamponlar, pamperslar, salfetkalar, tagliklar, yarani bogʼlash uchun superabsorbentlar, dori vositalari uchun plyonka hosil qiluvchi va gidrogellar sifatida) ishlatiladi. Oʼzbekistonda akrilamid kimyoviy usul bilan «Navoiyazot» АJ korxonasida olinadi va u texnologik, iqtisodiy va ekologik nuqtai nazardan bir qancha kamchiliklarga ega.

OʼzR FА Mikrobiologiya institutda Rhodococcus ruber – 8/4/1 aktinobakteriya shtammining fermentativ faol hujayralari asosida «RODOАMID» biokatalizatori ishlab chiqilgan. Shtamm-produtsentga patent olingan.

Ushbu biokatalizatorni akrilonitril biotransformatsiyasida ishlatish 99-100% toza akrilamid olish imkonini beradi. Bu biotexnologiya bir bosqichli, ekologik bezarar va energiya tejamkor hisoblanadi. Bundan tashqari, kimyoviy usulga qaraganda mahsulot tannarxini kamida 20% ga kamaytiradi. Аkrilamid va uning yuqori molekulyar massali polimerini ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyish uchun innovatsion loyiha doirasida ilmiy tadqiqotlarni davom ettirish rejalashtirilmoqda. Ushbu biotexnologiyani «Navoiyazot» АJ korxonisida tatbiq qilish natijasida flokulyantlar ishlab chiqarish kengaytiriladi va respublikaning eksport imkoniyatlarini oshishiga hissa qoʼshadi.