Akademik Baxtiyor Ibragimov hamda iqtidorli yoshlar o'rtasida onlayn suhbat bo'lib o`tdi

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi hamkorlikda “Аkademik bilan suhbat” onlayn loyihasi tashkil qilindi. Loyihaning asosiy maqsadi Fanlar akademiyasida faoliyat yuritib kelayotgan akademiklar bilan iqtidorli yoshlarning oʼzaro muloqotini yoʼlga qoʼyish va ularni ilm-fanga qiziqtirish, ilm-fan sohasidagi eng muhim vazifalar va yechimini kutayotgan masalalar toʼgʼrisida maʼlumotga ega boʼlishdan iborat.

Joriy yil 2 iyun kuni Xorazm viloyati Xiva shahridagi Prezident maktabi oʼquvchilari bilan onlayn suhbat Zoom platformasi orqali boʼlib oʼtdi. “Аkademik bilan suhbat” onlayn loyihasining ilk mehmoni — O’zR FA vitse-prezidenti, akademik Baxtiyor Ibragimov boʼldilar va ular “Supramolekulyar kimyo maktabining yaratilishi” mavzusida suhbat oʼtkazdilar.

Onlayn suhbatda oʼquvchilar bugungi kunda dolzarb boʼlgan ilmiy-tadqiqotlar toʼgʼrisida ma’lumotlarga ega bo’lishdi hamda taʼlim dargohida kimyo va biologiya fanlaridan olayotgan bilimlarini amaliyotda joriy etish usullari toʼgʼrisida o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.