Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Suv omborlari toʼgʼonlarining zilzilabardoshligini doimiy kosmik monitoring qilish tizimi yoʼlga qoʼyiladi


Joriy yil 30-may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʼzbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-144-sonli Farmoni qabul qilindi.

Unga koʼra, Oʼzbekiston aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini 2025-yilgacha takomillashtirish konseptsiyasi hamda uni 2022 – 2023-yillarda amalga oshirish “Yoʼl xaritasi” tasdiqlandi.

Shuningdek, Farmonga muvofiq, 2022-yil 1-sentyabrdan respublikaning seysmik faol zonalarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub obyektlarga zilzilabardoshlik boʼyicha xulosalar berish tartibi joriy etiladi.

Farmonga koʼra, Fanlar akademiyasi tomonidan respublikaning seysmik faol zonalarida joylashgan bino va inshootlar elektron texnik pasportlarining yagona integratsiyalashgan platformasidagi maʼlumotlar asosida seysmik zaif ijtimoiy soha obʼektlarining roʼyxati har yili 1-aprelgacha shakllantirib boriladi hamda instrumental-texnik tekshiruvdan oʼtkazish ishlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tashkillashtiriladi.

2022-yil 1-oktyabrdan respublikadagi koʼp kvartirali uy-joylarni yillar kesimida zilzilabardoshlik boʼyicha xatlovdan oʼtkazish amaliyoti yoʼlga qoʼyiladi va xatlov natijasiga koʼraekspluatatsiya muddatini oʼtab boʼlgan seysmik zaif va avariya alomatlari aniqlangan koʼp kvartirali uy-joylar oʼrnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish boʼyicha takliflar mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritib boriladi.

2023-yil 1-maydan suv omborlari toʼgʼonlarining zilzilabardoshligini doimiy kosmik monitoring qilish tizimi yoʼlga qoʼyilib, mazkur yoʼnalishdagi masʼul davlat organlari kosmik suratlar hamda ishlov berilgan maʼlumotlar bilan taʼminlab boriladi.

Shuningdek, Fanlar akademiyasi tomonidan 2022 – 2025-yillar davomida Аndijon, Toshkent, Guliston, Nurafshon, Namangan, Fargʼona, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Qarshi, Termiz, Nukus, Urganch shaharlarining raqamlashtirilgan seysmik mikrohududlashtirish xaritalari ishlab chiqiladi.

2023-yil 1-apreldan suv omborlari toʼgʼonlarida seysmik xavfni oldindan prognoz qilish va baholash amaliyotini joriy qilish maqsadida:

•             kosmik monitoring doirasida simulyatsion dastur orqali zilzila natijasida toʼgʼon oʼpirilishi oqibatida suv bosishi mumkin boʼlgan respublika hududlarining vizual 3D modellarini ishlab chiqish amaliyoti yoʼlga qoʼyiladi;

•             suv omborlari toʼgʼonlari oʼpirilishi oqibatida qutqaruv ishlarini tashkillashtirishida tegishli vazirlik va idoralarni zarur kosmik suratlar hamda ishlov berilgan maʼlumotlar bilan taʼminlash tizimi joriy etiladi.

Mazkur amaliyot va tizim 2023-yil 1-fevralgacha ishga tushiriladi.

Farmonga muvofiq, 2023-yildan respublikaning seysmik faol zonalarida balandligi 9 qavat yoki undan yuqori boʼlgan seriyali qurilishi rejalashtirilgan yoki tanlab olingan bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish, sifatini taʼminlash hamda kamchiliklarni oldindan bartaraf etish maqsadida vibrodinamik uskuna yoki zamonaviy raqamlashtirilgan instrumental asbob-uskunalar yordamida sinov va tekshiruv oʼtkazib boriladi.

2022-yil 1 -dekabrgacha respublikadagi barcha sunʼiy inshootlar (koʼpriklar, tonnellar, estakadalar, temir yoʼl koʼpriklari va boshqalar) xatlovdan oʼtkazilib, yagona raqamlashtirilgan maʼlumotlar bazasi tashkil etiladi.

2023-yil 1-martgacha respublikadagi barcha mavjud sunʼiy inshootlarning zilzilabardoshligi boʼyicha elektron texnik pasportlari shakllantiriladi.

2022-yil 1-avgustgacha Suv xoʼjaligi vazirligida seysmologik kuzatuvni doimiy tashkillashtirish boʼyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.

2022-yil 1-avgustgacha aholining barcha qatlamini zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan soʼng toʼgʼri harakat qilishga mustaqil oʼrgatish uchun moʼljallangan mobil ilova ishlab chiqiladi.

2022/2023-oʼquv yilidan Namangan muhandislik-qurilish instituti va Fargʼona politexnika institutida “Bino va inshootlar zilzilabardoshligi” taʼlim mutaxassisligi boʼyicha kadrlarni tayyorlash amaliyoti yoʼlga qoʼyiladi.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 2022/2023-oʼquv yilidan “Tarixiy obidalarning seysmik mustahkamligi” taʼlim mutaxassisligi ochiladi.

2022-yil 1-dekabrga qadar respublikadagi seysmik faol, oʼrta faol va tinch hududlar hamda maydonlarni oʼzida mujassamlashtirgan interaktiv onlayn-xarita ishlab chiqiladi.

2023-yil 1-avgustga qadar seysmik faol zonalarda joylashgan bino va inshootlar maydonining zilzilalar oqibatida deformatsiyasi, siljishi, choʼkishi kabi omillarni aniqlashga moʼljallangan radiolokatsion kosmik monitoring tizimi yaratiladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!