Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Oʼzbekiston florasining yangi nashri chop etildi


Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti tomonidan "Oʼzbekiston florasi"ning navbatdagi toʼrtinchi jildi chop etildi. Oʼzbekiston botanika fanida muhim yangilik sifatida eʼtirof etilayotgan bu nashr Markaziy Osiyo oʼsimliklar qoplamida muhim oʼrin tutadigan Gʼovzabondoshlar (Boraginaceae) oilasining zamonaviy taksonomik tarkibi, nomenklaturasi, botanik-geografiyasi, ekologiyasi va fenologiyasining xususiyatlariga bagʼishlangan. Floraning navbatdagi nashri Gʼovzabondoshlar oilasi boʼyicha yirik mutaxasis, professor S.V. Ovchinnikova (Rossiya Fanlar akademiyasi, Markaziy Sibir botanika bogʼi, Novosibirsk shahri) bilan hamkorlik natijasi hisoblanadi.

Mazkur ilmiy-tadqiqot ishi 2018–2022-yillarda olib borilgan dala izlanishlari natijalari, Oʼzbekiston Milliy gerbariysi (TASH, Toshkent, Oʼzbekiston), V.L. Komarov nomidagi Rossiya Fanlar akademiyasi Botanika instituti (LE, Sankt-Peterburg, Rossiya), Moskva davlat universiteti Biologiya fakulteti (MW, Moskva, Rossiya), Tojikiston Milliy akademiyasining Botanika, fiziologiya va oʼsimliklar genetikasi instituti (TAD, Dushanbe, Tojikiston), Rossiya Fanlar akademiyasi Markaziy Sibir botanika bogʼi (NS, NSK, Novosibirsk, Rossiya), Tomsk davlat universiteti (TK, Tomsk, Rossiya), Muséum National dHistoire Naturelle (P, Parij, Fransiya), Conservatoire et Jardin bota-niques de la ville de Genève (G, Jeneva, Shveytsariya) gerbariylari, shuningdek, JSTOR (https://www.jstor.org/) xalqaro maʼlumotlar bazasiga kiritilgan bir qator virtual kollektsiyalarda saqlanayotgan gerbariy namunalarni tanqidiy oʼrganishga asoslangan. Oʼzbekiston florasining yangi jildlarini yaratishga qartilgan bu loyihaning muqobillaridan eng muhim farqli jihatlaridan biri turlar kesimida bir asrdan ortiq muddat davomida toʼplangan geografik maʼlumotlarning toʼla tahlili va ularning asosida geoaxborot tizimida (GАT) yaratilgan xaritalar hisoblanadi. GАT xaritalar Botanika instituti xodimlari (N.Yu.Beshko, I.J.Juramurodov, U.X. Qodirov, G.T.Kurbaniyazova, S.А.Pulatov, D.M.Tajetdinova va O.А.Turdiboyev) tomonidan yaratilgan.

Oʼzbekiston florasidagi Gʼovzabondoshlar oilasi vakillarining keng koʼlamli tahlili Markaziy Osiyo florasining yirik bilimdoni hisoblangan M.G.Popovning oʼsimliklar taksonomiyasi va biogeografiyasidagi klassik gʼoyalariga asoslangan. Oila tarkibidagi turlarga boy boʼlgan turkumlarni Lappula (Rochelia bilan birgalikda) va Cynoglossum tashkil etadi. Bu taksonomik guruhlar Markaziy Osiyoda turlar xilma-xilligining muhim markazlariga ega hisoblanadi.

Tadqiqot uchun jalb etilgan maʼlumotlar koʼlamining kengligi va olib borilgan tahlillarning chuqurligi yangi nashrda keltirilayotgan ilmiy yangiliklarning salmogʼini belgilaydi. Bir qator turlar Oʼzbekiston florasi uchun ilk bor keltirilmoqda, floraning yangi jildini nashrga tayyorlash jarayonida yuqorida sanab oʼtilgan gerbariy fondlarida saqlanayotgan tip namunalarining nomeklaturaviy tahlillari bir necha ilmiy jurnallarda chop etilgan. Ilgari bu borada olib borilgan tadqiqotlarning koʼpligiga qaramasdan Oʼzbekiston florasining bu nashrida 25 dan ortiq lektotiplar va bitta seksiya darajasidagi yangi nom eʼlon qilingan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!