Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligining 15 jildi nashr etildi


Jahon xalqlari sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek xalqi og‘zaki badiiy ijodiyotining barcha janrlariga oid materiallarni milliy istiqlol mafkurasi, an’anaviy, madaniy, adabiy va ma’naviy qadriyatlarni qayta tiklash nuqtai nazaridan tahlil qilish asosida hozirda folklorning eng yaxshi namunalarini asar matni, so‘zboshi-tadqiqot, ilmiy izohlar, lug‘at, foto materiallar va annotatsiya bilan akademik nashrga tayyorlash natijasida o‘zbek folklori yodgorliklarining 100 jildlik mukammal jamlanmasi yaratilmoqda. Mazkur “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tomonidan akademik nashri tayyorlanmoqda. Hozirgi kunga qadar G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan ushbu asarning dastlabki 15 jildi chop etildi.

 

Mamlakatimiz o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini davom ettirib, “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” shiori ostida ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirayotgan hozirgi davrda o‘zbek folklorini chuqur o‘rganish, uning badiiy jihatdan eng mukammal namunalarini chop etish va keng ommalashtirish orqali xalqimiz poetik tafakkurining dunyo sivilizatsiyasida tutgan munosib o‘rnini ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega.

Olimlarimizning zahmatli mehnatlari bilan to’planilayotgan va o’rganilayotgan mazkur 100 jildlik o‘zbek xalq og‘zaki poetik ijodi asarlarining eng mukammal namunalarini qamrab oladi. Ushbu nashrning 59 jildi dostonlar, 10 jildi xalq qo‘shiqlari, 12 jildi ertaklar, qolgan jildlar esa terma, afsona, rivoyat, naql, maqol, topishmoq, askiya, lof, latifa, og‘zaki drama, bolalar folklori va boshqa janrlardan iborat bo‘ladi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘zbek folklorshunosligi tarixida yana o‘nlab dostonlar ilk bor nashrga tayyorlandi. Bu ishlar yana davom ettiriladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!