Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Mаtemаtikа fаnidan fakultativ dars mashgʼulotlari olib borilmoqda


Maʼlumki, yurtimizda 2020-yildagi ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yoʼnalishlaridan biri sifatida matematika sohasi belgilangan edi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 7-maydagi “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori bu boradagi sezilarli qadam boʼldi. Sababi ushbu qaror bilan mamlakatimizda taʼlimning barcha sohalarida matematika fani darslari va matematika faniga oid oʼquv adabiyotlar sifatining oshishi, matematika faniga qiziquvchi yoshlarning tobora koʼpayishi, iqtidorli yoshlarni saralab olish mexanizmini tashkil etib, ularni ixtisoslashtirilgan maktablarga, keyinchalik oliy taʼlim muassasalariga va ilmiy maktablarga qamrab olish masalalarini samarali yechishga imkoniyat beradi. Shu bilan birga, maktabgacha, umumiy oʼrta, oʼrta maxsus, professional, oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy muassasalar oʼrtasidagi yaqin hamkorlikni taʼminlovchi yaxlit tizimni shakllantirishga, umumiy oʼrta va oʼrta maxsus taʼlim muassasalarida matematika fanlarini oʼqitish sifatini oshirishga, hududlarda matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini rivojlantirishga, taʼlim berishning onlayn platformasini yaratish va amaliyotga tatbiq etishga, masofadan oʼqitish tizimi samaradorligini oshirishga katta eʼtibor qaratilgan.

Ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida OʼzR FА V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti Qoraqalpogʼiston boʼlinmasi tomonidan Qoraqalpogʼiston Respublikasining Qoʼngʼirot tumanidagi matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktab bilan yaqin hamkorlik oʼrnatildi. Bu hamkorlikning asosiy maqsadlari sifatida mazkur taʼlim muassasasida matematik taʼlimni takomillashtirish, matematika faniga qiziquvchi, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qoʼllab-quvvatlashni koʼrsatish mumkin.

Boʼlinmaning Qoraqalpogʼiston Respublikasi matematika taʼlimini rivojlantirishga yoʼnaltirilgan istiqbolli rejasi va hamkorlikda tuzilgan dars rejasiga muvofiq, Matematika instituti Qoraqalpogʼiston boʼlinmasi ilmiy xodimlari Qoʼngʼirot tumanidagi 34-sonli matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktabda onlayn fakultativ dars mashgʼulotlarini Zoom platformasi yordamida olib borish yoʼlga qoʼyildi. Mazkur onlayn fakultativ mashgʼulotlarda maktab oʼquv rejasidan tashqari mavzularda maʼlumotlar keng yoritilib, nostandart masalalarni yechishga yoʼnaltirilmoqda. Bunday yondashuv oʼz navbatida maktab oʼquvchilarida fanga boʼlgan qiziqishning ortishiga, ularning qobiliyati va iqtidorini rivojlantirishga sabab boʼladi deb umid bildiramiz.

 

Nurjanov B. O.

Matematika instituti Qoraqalpogʼiston boʼlinmasi

katta ilmiy xodimi


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!